Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutdagi 87-maktabning eski binosidan umuman foydalanilmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Mahallamizdagi maktab avariya holatida, har daqiqada qulashi mumkin. Ammo shunga qaramay, bolalar xatarli sharoitda o‘qiyapti...” sarlavhali xabar bo‘yicha Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi axborot berdi:

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 87-umumiy o‘rta ta’lim maktabi Qorabuloq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Maktabning jami 4 ta o‘quv binosi mavjud bo‘lib, shundan 3 ta binosi 1978  yilda hashar yo‘li bilan qurilgan.

2018 yil aprel oyidan buyon ushbu avariya holatidagi (video lavhada ko‘rsatilgan) maktab binosining sinfxonasidan umuman foydalanilmaydi.

So‘nggi ikki yil mobaynida ushbu binoning foydalanishga yaroqsizligi haqida qishloq fuqarolari va o‘qituvchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni inobatga olib, 2020-2022 yillarda manzilli Dasturga kiritilgan va murojaatchilarga bu haqda tushuntirilgan.

2008 yil Investitsiya dasturi asosida 240 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan yangi ikki qavatli maktab binosi qurilib, ayni vaqtda maktabning mazkur o‘quv binosida jami 553 nafar o‘quvchi ikki navbatda ta’lim-tarbiya olmoqda. Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun yangi isitish qozonlari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, informatika va o‘quv-laboratoriya xonalarida ham o‘quvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Tasvirda ko‘rsatilgan videolavha butunlay asossiz bo‘lib, ushbu binoning sinfxonasidan bugungi kunda umuman foydalanilmasligi, viloyat davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasining xulosasi hamda tuman hokimining qaroriga asosan buzilishi belgilanganligi ma’lum qilinadi.

Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi”.