Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutliklarning murojaatlari ijrosi nazoratga olindi

Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedovning Urgut tumani Bog‘ishamol MFYda o‘tkazgan sayyor qabulida fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish, ularga amaliy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosan soliq va kadastr bazasini muvofiqlashtirish, bank krediti, uy-joy, suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash masalalariga oid bo‘ldi.

– Navoiy shoh ko‘chasida maishiy xizmat uyi qurganmiz, – deydi Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Bobur Norqulov. – Binoni foydalanishga topshirish uchun bankdan imtiyozli kredit olish masalasida murojaat qildim. Sektor rahbari murojaatimning ijobiy yechim topishida viloyat Markaziy banki orqali yordam berishini aytdi.

– Mahallamiz aholisining 120 ta suyultirilgan gaz ballonlariga ehtiyoji borligi bo‘yicha ariza topshirganimizga ancha vaqt bo‘ldi, – deydi Bog‘ishamol MFY raisi Sayfullo Mahkamov. - Shodiyor Ahmedov  viloyat gaz korxonasi rahbari bilan shu joyning o‘zida telefon orqali bog‘lanib muammomizni yetkazdi. O‘ylaymanki, ushbu masala tez kunlarda o‘z yechimini topadi.

Sayyor qabulda yechimi ma’lum vaqt talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, tadbirda 2 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachasi topshirildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.