Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat hokimi E.Turdimov: “Avgust kengashi shiorida aytilganidek, o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak”

Avval xabar berganimizdek, xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan pedagog xodimlarning an’anaviy avgust kengashi o‘tkazildi. Kengash “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” degan bosh g‘oya asosida “Ta’limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik!” shiori ostida tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Vatanimiz Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi hamda bilimlar kuni bilan qutlab, viloyatda xalq ta’limi tizimida olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari xususida so‘z yuritdi. Maktablarni yangi o‘quv yili, kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Joriy yilning 1 noyabrigacha kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘lmagan bironta maktab qolmasligi kerak, - dedi viloyat hokimi. – Maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilganda ko‘pgina ta’lim muassasalarida ko‘zbo‘yamachiliklar ko‘zga tashlanib qoldi. Har bir maktab direktori o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Ko‘pgina maktablar yangi qurilgan. Masalan, Urgut tumanida 44-maktab binosi yangi bunyod etilgan, isitish qozonxonalari esa gaz yoqilg‘isiga mo‘ljallangan. Bu maktablar hududiga esa gaz yetib bormaydi. Maktab direktorlari esa yangi qurilgan binoni foydalanishga topshirish bo‘yicha tuzilgan dalolatnomasiga imzo qo‘yib, qabul qilib olgan. Qozonxona ko‘mirga mo‘ljallanishi kerak edi-ku, deya e’tiroz bildirmagan.

Viloyat hokimi obodonlashtirish ishlari ham risoladagidek emasligini tanqid ostiga oldi. 

- Ko‘pgina maktablarda xo‘jalik ishlarini bajaradigan ishchi-xodimlar o‘sha maktab direktorining qarindoshlari, - dedi hokim. – Ularning aksariyati ishga kelmaydi. Ayniqsa, shu kunlarda, yozgi ta’til paytlarida ularning eshiklariga qulf osilgan. Mahalla aholisi, yoshlar bu sport zallaridan foydalana olmaydi. Maktabning ko‘rinishi, uning muhiti bolaning ongiga ta’sir ko‘rsatadi, salbiy bo‘lsa salbiy, ijobiy bo‘lsa ijobiy. Shuning uchun o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

Tadbirda bir guruh ta’lim fidoyilariga viloyat hokimi faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirdi.

Avgust kengashi ishtirokchilari ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar, umumta’lim maktablari va "Barkamol avlod" bolalar markazlarida ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar tomonidan yaratilgan asarlar, robototexnika, hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek, badiiy kitoblar va yangi chop etilgan darsliklar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.

To‘lqin SIDDIQOV.

Baxtiyor MUSTANOV (foto).