Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat hokimi Kattaqo‘rg‘on shahriga nega bordi?

Bundan ikki hafta burun bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar bergan edi.

Shundan keyin shaharda vazirliklar va Respublika ahamiyatidagi tashkilotlarning rahbarlaridan iborat ishchi guruhi 8 yo‘nalishda ish olib borib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan barcha vazifalarni amalga oshirish yuzasidan dastur loyihasi ishlab chiqildi.

Viloyat hokimi E.Turdimov kecha Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib, obodonchilik, qurilish, madaniy va ijtimoiy ob’yektlardagi joyida haqiqiy ahvolni o‘rgandi.

Masalalar muhokamasi chog‘ida dastlab viloyat Markaziy banki boshlig‘i Otabek To‘xtayev bank-moliyaviy ta’minoti masalasiga to‘xtalib, 2020-21 yillarga mo‘ljallangan 860 milliard so‘mlik 116 ta loyiha shakllantirilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanganidek, ushbu mablag‘ning 410 milliard so‘mi tadbirkorlarning, 415 milliard so‘mi bank krediti va 3 million 500 ming AQSh dollari investitsiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Loyihalarning 59 tasi sanoat, 36 tasi qishloq xo‘jaligi, 21 tasi xizmat ko‘rsatish sohasiga tegishli.

Viloyat hokimi ijtimoiy ob’yektlar, jumladan, istirohat bog‘i, amfiteatr, madaniyat bo‘limi binolarini ta’mirlash va obodonchilik ishlarini tezlashtirish lozimligini qayd etdi. Kattaqo‘rg‘on shahar madaniyat saroyi va Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli kutubxonaning qurilish-rekonstruksiya ishlariga to‘xtalib, Mudofaa ishlari, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limlarining yangi binolarini qurishni bugundan boshlash lozimligini aytdi.

Yig‘ilishda Samarqand davlat universitetining sobiq 2-akademik litseyi binosida Samarqand davlat universiteti pedagogika institutining Kattaqo‘rg‘on filialini, Kattaqo‘rg‘on transport kasb-hunar kolleji moddiy-texnik bazasi negizida Toshkent davlat transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filialini tashkil etish borasida ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etish lozimki, belgilangan vazifa va topshiriqlarning puxta bajarilishi, loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan birga aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Zotan, viloyat hokimi shaharni 2020-2022 yillarda ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan “Drayver” yo‘nalishlarni aniqlash, biznes loyihalar ishlab chiqish va eng maqbul loyiha-takliflarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ va “12 -Mexanizatsiyalashgan kolonna” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida kichik sanoat zonasini tashkil etishda amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi.

 

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.