Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish masalasida ilg‘or tashabbuslar ilgari surildi

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tashabbusi bilan “Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish: strategiyalar, innovatsiyalar va ilg‘or tajribalar” mavzusida respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Respublika miqyosida oliy ta’lim muassasalari va malaka oshirish hududiy markazlari professor-o‘qituvchilari, umumta’lim muassasalari pedagog xodimlari ishtirok etgan ushbu ilmiy-amaliy konferensiya ZOOM dasturi orqali tashkil etildi.

Onlayn ilmiy-amaliy konferensiyada viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori A’lam Ibragimov yurtimizda karantin qoidalariga rioya qilgan holda bor imkoniyatdan unumli foydalanib tashkil etilgan ushbu onlayn anjuman pedagoglarning ilg‘or tajriba va g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlab, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Xolboy Ibrohimov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Qozoqboy Yo‘ldoshev, Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Qo‘ldosh Saidov va boshqalar oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirishda xalqaro baholash dasturlarining o‘rni, milliy filologik metodika: muammo va yechimlar mavzularida ma’ruza qilib, bu borada o‘zlarining muhim taklif va g‘oyalarini bildirishdi.

A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMO instituti tayanch doktaranti Shohista Daminova mustaqil malaka oshirish tizimida ta’limiy ehtiyojlar, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi dotsenti Saodat Yo‘ldosheva o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini o‘stirishda noan’anaviy yondashuvlarni tatbiq etish bo‘yicha o‘zlarining muhim takliflarini ilgari surdi.

Konferensiyaga oliy ta’lim, xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish hududiy markazlarining professor-o‘qituvchilari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilaridan 160 dan ziyod ilmiy va ilmiy-uslubiy maqolalari kelib tushdi. Kelgusida ushbu maqolalar to‘plam holatida nashr etiladi va anjumanning faol ishtirokchilariga sertifikatlar beriladi.

Xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish masalasida ilg‘or tashabbuslar ilgari surildi