Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilgan lavha o‘rganildi: Maktab direktoriga intizomiy chora qo‘llanildi

2019 yil 9 oktyabr kuni “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilgan fuqaro M.Murodovning Samarqand shahridagi 58-umumta’lim maktabiga ishga joylashish to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi axborot berdi.

Samarqand shahridagi 58-umumta’lim maktabi Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan bo‘lib, ta’lim muassasasiga shahar hokimining 2019 yil  6 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, Nurafshon MFY, Darg‘om MFY hamda Chorbog‘ MFY ko‘chalari biriktirilgan.

Maktab 540 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 701 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Maktabda jami 50 nafar pedagog-xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shulardan, 43 nafari oliy ma’lumotli, 3 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli, 4 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilardan iborat.

“Yoshlar” telekanali orqali  namoyish etilgan lavhadagi holatlarni o‘rganish maqsadida Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislari tomonidan ishchi guruhi tuzilib, mazkur maktabda o‘rganish ishlari olib borildi.

Maktab direktori B.Boyqobilova tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilib, 2019-2020 o‘quv yilidan rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi U.Gadoyevaning ishga chiqish sanasi 2019 yil 4 sentyabr o‘rniga 3 sentyabr deb yozilganligi aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha ishchi guruh a’zolari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilib, maktab direktori B.Boyqobilova kelgusida bu kabi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi, har doim o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, fuqaro Ma’mur Murodov 2019 yil 16 oktyabrdan 58-umumta’lim maktabiga boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.

Mazkur holat yuzasidan xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun maktab direktori B.Boyqobilovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.