Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

Tadbirkorlarga haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni tashkil etishga ruxsat berilishi, zargarlik buyumlarini onlayn sotish mumkinligi, ayrim mutaxassislarning ish haqi va ba’zi pensionerlar nafaqasining oshirilishi, uy-joy narxlarining optimallashtirilishi mamlakat qonunchiligida o‘zgarishlar bo‘ladi.

«Gazeta.uz» Adliya vazirligi va Norma.uz ma’lumotlari asosida 2021 yil 1 apreldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etdi:

1. Tadbirkorlarga haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni tashkil etishga ruxsat berildi

1 apreldan tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. Bu turdagi xizmat bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin.

2. Zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda onlayn sotish mumkin bo‘ladi

1 apreldan boshlab:

zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asini mexanik yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.

tamg‘alash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi.

yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, narx ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi (London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam bo‘lmagan miqdorda).

qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.

mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish (ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, ta’sis hujjatlari va boshqa ma’lumotlarni so‘rab olish) talab etilmaydi (naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi BHMning 600 baravaridan oshmagan, xisob-kitob jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilgan taqdirda).

Bunda mulkdorning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud bo‘lgan holatlarda operatsiyaning summasi va to‘lov shaklidan qat’i nazar, mijozni tekshirish choralari ko‘rilishi lozim.

3. Ayrim mutaxassislarning ish haqi va ba’zi pensionerlarning oylik nafaqasi oshiriladi

«Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:

rahbar va shifokorlari oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;

o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;

boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;

respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.

Veterinariya sohasida:

«Zootexnik», «veterinar-shifokor», «feldsher-veterinar», «usta-chavondoz», «ot parvarishlovchi», «taqachi» mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi.

Xalq ta’limi vazirligi tizimida:

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;

kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori — bosh o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

Oliy ta’lim tizimida:

XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktorining bazaviy lavozim maosh miqdori oliy ta’lim muassasasi rektorining lavozim maoshiga tenglashtiriladi;

direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlarining lavozim maosh miqdori — oliy ta’lim muassasasi prorektorining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;

tarkibiy bo‘linmalar boshliqlarining lavozim maosh miqdori — fakultet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

4. Qishloq xo‘jaligida o‘zgarishlar

Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.

Tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va 7 yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

5. Tashqi iqtisodiy faoliyatda o‘zgarishlar

Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Shu munosabat bilan unni boyitish uchun mikronutriyentlar bo‘yicha (TIF TN kodi 2106 90 980 3) import bojxona bojining nol darajali stavkasi joriy etiladi.

Xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yuk xonalarini karantin nazoratidan o‘tkazish va «detektor — xizmat it"laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

6. Intellektual mulk sohasida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi

Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.

Intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.

7. Olis va chekka hududlardagi pochta aloqasi ob’yektlarida davlat xizmatlari autsorsing asosida tashkil etiladi

Olis va chekka hududlardagi pochta aloqasi ob’yektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi.

8. Majburiy markalash

2021 yil 1 apreldan boshlab pivo mahsulotlarining markalanishi majburiy bo‘ladi.

9. «El-yurt umidi» jamg‘armasi rivojlantiriladi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baravarga oshiriladi.

Shuningdek, quyidagilar amalga oshiriladi:

«El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etiladi;

«El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida respublikaning barcha fuqarolari uchun muntazam ravishda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish dasturlari uchun stipendiya tanlovini o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

10. Uy-joy narxlari optimallashtiriladi

Yangi tartib doirasida uy-joy narxlarini pasaytirish maqsadida:

qishloq joylarda 5 va undan ortiq qavatli, shaharlarda 9 va undan ortiq qavatli ko‘p kvartirali uy-joylar shaharsozlik normalariga va ikkinchi darajali issiqlik muhofazasi qoidalariga muvofiq, monolit temir-betonli va yirik panelli konstruksiyalar, shuningdek boshqa qurilish materiallari asosida daha shaklida quriladi;

turar joy dahalarini qurish loyihalarini ishlab chiqish hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish ishlari quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

shaharlarda − «Ye-IJRO AUKSION» elektron auksioni orqali ko‘p kvartirali turar joylarni qurish uchun yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar hisobiga;

qishloq joylarda — O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobiga;

ko‘p kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga shaharlarda (Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan tashqari) ko‘p qavatli uy-joylarni qurish uchun yer maydonlarini elektron auksionlarni o‘tkazmasdan taqdim etish huquqi beriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish hududlarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilishiga ruxsat beriladi;

uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun mo‘ljallangan sement hamda metall prokati bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;

1.10.2021 yilga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

11. Davlat organlari rahbarlarining mas’uliyati oshiriladi

Barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda Prezident Administratsiyasining Ijro intizomini ta’minlash shu’basi bilan kelishiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzganlik uchun jazo choralari to‘g‘risidagi yangi modda kiritiladi.

O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi.

Mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

12. Bir qator soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugaydi

1 apreldan boshlab prezidentning 2017 yil 14 martdagi «Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-3860-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotadi. Tegishli ravishda, ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan quyidagi soliq imtiyozlarining amal qilishi to‘xtatiladi:

xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni so‘ndirish xarajatlariga hamda lizing ob’yekti qiymatini to‘lashga yo‘naltirilgan investitsiya summalariga foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz;

soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llaydigan yuridik shaxslarning 5 yil mobaynida yagona soliq to‘lovi bazasini yangi sotib olingan texnologik asbob-uskunalar qiymatiga, biroq soliq solinadigan bazasining 25%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirish huquqiga doir imtiyoz.

13. Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga — soliq imtiyozlari

2024 yil 1 yanvarga qadar muddatga hisobot davri yakunlari bo‘yicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalarni 50 foizga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.

Mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan to‘lovning 25 foizini avans tarzida va qolgan 75 foizini mis xom ashyosi olinganidan so‘ng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda «Olmaliq KMK» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qo‘yishda uning boshlang‘ich narxi QQSsiz London metall birjasi narxidan 2021 yil 1 apreldan 8 foiz miqdoridagi chegirmalar bilan belgilanadi.

14. Davlat funksiyalari xususiy tashkilotlarga o‘tkazilishining keyingi bosqichlari

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkaziladigan tajriba doirasida malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga ko‘chmas mulk ob’yektlariga birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi.

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.

15. Davlat xaridlari sohasidagi o‘zgarishlar

Davlat xaridlari ijrochisining muassislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Moliya vazirligi va DSQ axborot tizimlari o‘rtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.

16. NNT faoliyatining ochiqligi ta’minlanadi

NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi. U prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi. Indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

17. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi

Kam ta’minlangan oilalarni aniqlash «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» AT orqali amalga oshiriladi.

Vasiylik va homiylik ostida bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining «FHDYo yagona elektron arxivi» ATga taqdim etish idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan ota-onalar va ularning bolalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining «FHDYo yagona elektron arxivi» AT hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti o‘rtasida idoralararo axborot almashinuvi orqali taqdim etish tavsiya etiladi.

Respublikadagi davlat, nodavlat, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarga o‘qishga qabul qilish va tegishincha o‘qishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish yagona elektron ma’lumotlar bazasida amalga oshiriladi.

Davlat va nodavlat umumiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish va tegishincha o‘qishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish faqat yagona elektron ma’lumotlar bazasida amalga oshiriladi.

18. Seysmik xavfsizlini ta’minlash choralari kuchaytiriladi

Respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.