Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1 mart - xalqimizning atoqli shoirasi Zulfiya tavallud topgan kun

Zulfiya - taniqli va iqtidorli o‘zbek shoirasi. U 1915 yilda Toshkent shahrida hunarmand-degrezchi oilasida tug‘ilgan.

Zulfiya o‘rta maktabni va ayollar pedagogika bilim yurtini tamomlab, respublika gazeta va jurnallarida ish faoliyatini boshlagan. Uning ilk she’rlari “Yangi yo‘l” jurnali, “Qizil O‘zbekiston” hamda “Yosh leninchi” gazetalarida chop etilgan.

1932 yilda “Hayot sahifalari” ilk she’riy to‘plami omma yuzini ko‘rdi.

1938 yildan u turli yirik nashriyotlarda ishlaydi, respublika va respublikalararo har xil tashkilotlar a’zosiga aylanadi. Uzoq yillar “Saodat” jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

Iqtidorli shoira va yozuvchi, inson qalb tug‘yonlarini o‘tkir bilimdoni bo‘lib, turli janrlarda asarlar yaratgan: dostonlar, balladalar, elegiyalar, nasriy she’rlar, hikoyalar, ocherklar, publissistik maqolalar va gazeta xabarlari. U tomonidan, shuningdek, o‘zbek bastakorlarining operalariga librettolar ham yozilgan, masalan, “Zaynab va Omon” operasiga libretto. Shu bilan birga turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjon qalamiga mansub “Semurg‘” dostoni mavzusi asosida, ertak-sahna asarini ham yozgan.

Shoiraning eng mashhur she’rlari: “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Yurak yo‘lda”, “Mening bahorim”, “Sharshara” kabilardir.

2004 yil O‘zbekistonda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilib, adabiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi muvaffaqiyatga erishgan, yoshi 14 dan 22 yoshgacha bo‘lgan qizlarga har yili 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni taqdim etiladi.

O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya 1996 yilda vafot etgan.

BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB...
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi.
Yoyib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,
Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo‘ron bo‘ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog‘laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo‘ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so‘roq.
Birida sukunat, ma’yuslik ko‘rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,
Hurkar va Omonning o‘pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan za’far yonog‘imga
Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel bo‘ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib.

“Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan?
“Baxtim bormi deya, yakkash so‘roqlab”
Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega,
Yelda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho‘x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to‘lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo‘shig‘ida
Mudom ko‘rar edim o‘z jamolimni.

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?”

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g‘aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko‘chdi,
Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g‘unchasini etdi chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq.
Bu qo‘shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo‘shqin, zabardast.
O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!