Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1-sinfga qabul: Bu yilgi yangiliklar nimalardan iborat? Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zafar Karimovga murojaat qildik

Farzandini, nevarasini birinchi sinfga bermoqchi bo‘lganlar allaqachon harakatini boshlab yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu masalada bahsli fikr-mulohazalar ham tarqaldi. Ayniqsa, o‘z mikrohududidan tashqari bo‘lgan maktabga farzandini joylashtirmoqchi bo‘lganlar yoki joylashtirish qiyin bo‘lgan, aholi orasida obro‘li sanalgan maktablarga birinchi sinfga qabul haqida turli gap-so‘zlar "bolalay" boshladi. Xo‘sh bu yilgi tartib qanday bo‘ladi? Birinchi sinfga qabulda umumta’lim maktablarida qanday o‘zgarishlar bor? Shu kabi savollar bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zafar KARIMOVga murojaat qildik.

- 2019-2020 o‘quv yilida viloyat xalq ta’limi tizimi tasarrufidagi umumta’lim maktablariga barcha tuman, shaharlar bo‘yicha 79 ming 30 nafar maktab yoshidagi bolalar 1-sinfga kelishi kutilmoqda, - deydi Z.Karimov. - Shundan, 73 ming 824 nafari 7 yoshdagi va 5206 nafari 6 yoshdan oshgan 7 yoshga to‘lmagan bolalardir.

Shuningdek, bevosita xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalariga jami 242 nafar, sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi viloyat maxsuslashgan sihatgohiga 20 nafar, viloyat silga qarshi kurashish dispanseri qoshidagi yo‘ldosh maktabga 10 nafar, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga 25 nafar, nodavlat (xususiy) ta’lim muassasalariga jami 391 nafar 7 yoshdagi bolalar o‘qishga qabul qilinishi kutilmoqda. Ular bilan birgalikda bu raqam viloyat bo‘yicha 79 ming 718 nafarni tashkil etadi.

- Umumta’lim maktablari qancha o‘quvchilarni qabul qilishga tayyor? Maktablardagi shart-sharoit, kadrlar yetarlimi?

- Bugungi kunda Samarqand viloyatida 1214 ta umumta’lim maktabi, 9 ta maxsus maktab-internat faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi 2019-2020 o‘quv yilida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ta’lim muassasalariga 1-sinfga (prognoz bo‘yicha) 79 ming 718 nafar o‘quvchilarni qabul qilish rejalashtirilgan.

2018-2019 o‘quv yilida jami pedagoglar soni 49 ming 790 nafarni (shundan ayollar 31 ming 389 nafar 63 foiz) tashkil etdi. Ularning 81,7 foizi oliy ma’lumotli, 0,9 foizi (437 nafari) tugallanmagan oliy ma’lumotli, 17,4 foizini o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar hisoblanadi.

Ta’lim muassasalarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik dasturi tuzilgan bo‘lib, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

2018-2019 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarida ish o‘rinlari qisqartirilishi munosabati bilan mazkur o‘quv yilida 945 nafar oliy ma’lumotli kasb-hunar ta’limi tizimi o‘qituvchilari umumta’lim maktablariga ishga qabul qilindi. Umumta’lim maktablariga innovatsion g‘oyali yosh mutaxassislarni, ayniqsa, erkak o‘qituvchilarni keng jalb qilish maqsadida Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikda bitiruvchi kurs talabalarining uzoq muddatli pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Ular bilan amaliyot davrini o‘tashi barobarida uzoq hududlardagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida mehnat shartnomalari tuzilgan.

 Viloyatdagi umumta’lim maktablari kesimida monitoring o‘tkazilib, pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 5253 nafar talabalar ro‘yxati shakl¬lantirilgan. Yangi o‘quv yilida 1989 nafar fan o‘qituvchilariga ehtiyoj mavjud bo‘lib, bu ehtiyoj yosh mutaxassislar va kollejlardan darsi qisqarayotgan o‘qituvchilarni ishga qabul qilish hisobiga qoplanadi.

- Maktablarning 11 yillik tizimga o‘tilgani joy masalasida muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu masalada qanday yangiliklar bor? Yangi binolar ajratilishi yoki qo‘shimcha binolar qurilishi ko‘zda tutilganmi?

Bu masala joriy yilda to‘liq o‘rganib chiqilib, aniq choralar belgilandi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning o‘sish dinamikasi, quvvatga nisbatan o‘sish koeffitsiyentini hisobga olib, 2019-2020 o‘quv yilida o‘quvchi kontingenti oshib ketgan 98 ta ta’lim muassasasining bo‘sh turgan va to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan 67 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga joylashtirish rejalashtirilgan. Samarqand viloyatidagi kasb-hunar kollejlarining bino va inshootlaridan istiqbolda maqsadli foydalanish bo‘yicha viloyat ishchi guruhining xulosasiga ko‘ra, umumta’lim maktablarini 98 ta kasb-hunar kollejlariga joylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, bu yil investitsiya dasturi va Prezidentimizning 2018 yil 19 dekabr¬dagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda 1 ta yangi maktab qurilishi, 34 ta maktabni rekonstruksiya qilish, 14 tasini kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

"Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari asosida 30 ta ta’lim muassasalarida (1 ta yangi qurilish, 11 ta rekonstruksiya va 18 ta mukammal ta’mirlash) qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatda yangidan quriladigan, rekons¬t¬ruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan umumta’lim maktablarining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan dastlabki manzilli dasturiga viloyat bo‘yicha jami 113 ta ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun takliflar kiritildi.

Bundan tashqari, xalq ta’limiga yo‘nalti¬rilishi kutilayotgan chet el granti uchun jami 248 ta (15 ta yangi qurilish, 121 ta rekonstruksiya, 112 ta mukammal ta’mirlash) umumta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish taklifi berilgan.

- Bu yil 1-sinfga qabulda qanday o‘zgarishlar bor? Olti yoshlilar qabul qilinishi ko‘zda tutilganmi?

- 2019-2020 o‘quv yilida ta’lim muassasalariga 1-sinf o‘quvchilarini qabul qilish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi "Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi 140-sonli qarori talablari asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, umumta’lim muassasalarining 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi, ya’ni tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish belgilangan. Bu masalada izoh berib o‘tishni istardim. 6 yoshli deganda ko‘pchilik olti yoshga to‘lgan bola maktabga borishi mumkin deb hisoblaydi. Lekin unday emas. Gap maktabga boradigan yili, ammo sentyabr oyidan so‘ng yetti yoshga to‘ladigan bolalar haqida ketmoqda. Qolaversa, Ota-onalar farzandlari hujjatlarini umumta’lim maktablarga topshirishlari kerak bo‘ladi.

- Bugun ko‘pchilik o‘z mikrohududidan tashqari maktablarga farzandimizni bermoqchi bo‘lsak, nima qilishimiz kerak, deb murojaat qilmoqda. Ular qanday yo‘l tutishi kerak?

- Ushbu masalada ancha oldinroq umumta’lim maktablari rahbarlari bilan gaplashib olganmiz. Navbatlilik koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan maktablarda faqat mikrohudud bo‘yicha o‘quvchilar qabulini tashkil etish uchun tuman (shahar) hokimining qarori qabul qilingan. Ayni paytda ularning soni 86 tani tashkil etmoqda.

Tuman (shahar) hokimining qarori bilan navbatlilik koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan maktablarning bir nechta sinflari yaqin hududdagi kasb-hunar kollejlariga ko‘chiriladigan maktablar 64 ta.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 140-sonli qaroriga asosan 2019-2020 o‘quv yilida mikrohududdan tashqari manzillardan o‘quvchilar qabul qilinmaydi. Sababi har bir tuman, shahar hokimlari qarori bilan mikrohududlar belgilab berilgan. Mikrohududga qaysi mahalla, ko‘cha kiritilgani aniq belgilangan.

Kelgusi, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab mikrohududdan tashqari manzillardan o‘quvchilarni qabul qilish davlat xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-sonli qarori asosida tartibga solinadi.

- Samarqand shahrida bir nechta ixtisoslashgan umumta’lim davlat maktablari faoliyat ko‘rsatadi. Ularga qabulning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotir?

- Ushbu umumta’lim maktablari ixtisoslashgan maktab sifatida qabulni 5-sinfdan boshlashi haqida qaror loyihasi bor. Amaldagi tartib bo‘yicha ular imtihon asosida 2-sinfdan qabul qilishi belgilangan. Ammo umumta’lim maktabi sifatida o‘z mikrohududidan 1-sinf uchun ham bola qabul qilinadi. Nechta bola qabul qilishi o‘sha maktabning quvvatiga qarab amalga oshiriladi. Faqat Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashgan umumta’lim davlat maktabigina mikrohududdan bola olishi belgilanmagan, ushbu maktab faqat sinov asosida iqtidorli bolalarni qabul qiladi. Sababi, ushbu hududda aholini qamrab oladigan ta’lim muassasalari mavjud.

- Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktab formasi haqida qator fikr-mulohazalar ota-onalarning e’tiborini tortdi. Maktab formasi majburiymi, bu masalada joriy o‘quv yilidan qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?

- Amaldagi tartib bo‘yicha o‘quvchilarning maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yiligacha umumta’lim maktablarida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori 1-ilovasida berilgan shakllardan tashqari boshqa fasondagi maktab formalarini joriy etish yoki markazlashgan holda xarid qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasiga a’zo bo‘lgan korxonalar tomonidan belgilangan talablarga muvofiq tikilib erkin savdoga chiqarilgan maktab formalarini xarid qilish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish vazifalari yuklatilgan.

- Suhbatingiz uchun rahmat!

G.KOMILOVA suhbatlashdi.