Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1 yanvardan aholi va tadbirkorlardan 15 turdagi hujjat va ma’lumotlarni so‘rash tartibi bekor qilindi

2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’yektlaridan quyidagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi:

- tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari;

- litsenziya, ruxsat yetish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlar;

- davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlar;

- qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

- kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar;

- jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma’lumotlar;

- oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;

- jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlar;

- jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlar;

- fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar;

- o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar;

- oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlar;

- moliyaviy hisobotlar nusxalari;

- jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar;

- ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda yuqoridagi hujjat va ma’lumotlarni belgilangan mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda "Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.