Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

10 nafar ayol jazodan muddatidan oldin ozod qilindi

Mustaqillik ayyomi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida jazoni o‘tash muassasasida jazo o‘tayotgan 11 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov raisligida o‘tgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning nazorat tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil ko‘rib chiqildi. Mahkuma ayollarning jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani e’tiborga olindi.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining kafolat xati inobatga olinib, 10 nafar ayol jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Bir nafar mahkuma ayolning jazo muddati qisqartirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ozodlik. Odamzot bolasi talpinib yashaydigan bu ulug‘ ne’matning qadri hamma zamonlarda ham baland bo‘lgan. Bu holat ayniqsa, ochiq sud majlisida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi. Har bir mahkuma ayol o‘zining jazodan muddatidan ilgari ozod bo‘lgani haqidagi xushxabarni ko‘zda yosh bilan qarshi oldi.

— Quvonchimni so‘z bilan ifodalab berolmayman, — deydi Gulbahor Yakubova. — 6 nafar farzandim bor. Jazoni o‘tash davri farzandlarim, oilam sog‘inchi jon-jonimdan o‘tdi. Qilmishimga ming marta pushaymon bo‘ldim. Qayta bunday qilmishga qo‘l urmayman deb o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Men kabi to‘g‘ri yo‘ldan adashgan ayollarga bag‘rikenglik ko‘rsatib, ozodlikka chiqish imkonini bergani uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman. Nasib bo‘lsa, endi umrimni faqat ezgu ishlarga, farzandlarim tarbiyasiga bag‘ishlayman. Prezidentimizning ishonchu e’tiborini halol mehnatim bilan oqlayman.