Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

11 yoshida ham maktabga bormagan bola, quduqdan topib olinganligi aytilayotgan, pasporti yo‘q ona taqdiri qanday kechadi?

…Bu bolakay Samarqand shahridagi mashina serqatnov ko‘chalarda  haydovchilarga avtomobil ballonlarini qoraytirib berish xizmatini taklif etadi va xizmati evaziga 5 ming so‘m oladi. Ular bu bolakayga deyarli e’tibor berishmaydi. Ta’til paytlari ishlab, pul topayotgandir-da, degan xayolga boradi, ko‘pchilik. Vaholanki, bu bola ta’til nimaligini bilmaydi, o‘qish-yozishni ham.

E’tiborliroq haydovchilardan biri – Samarqand shahrilik Fazliddin Ma’diyev bola nega bu ish bilan shug‘ullanayotgani haqida qiziqib qoladi. Bolakay oilasiga moddiy yordam kerakligi uchun shu ish bilan shug‘ullanayotgani, o‘zi esa umuman maktabga bormasligini aytgan. Bolakay nega bu ahvolga tushib qolganini bilish, oilasidagi vaziyatdan xabardor bo‘lish maqsadida uning uyiga yo‘l oldik.

Samarqand shahri Siyobcha mahallasidagi kichikroq hovlilardan biri. Ichkariga kirdik, bir qarashdanoq bu yerdagi muhit sog‘lom emasligi, muammolari talaygina ekanligini his qildik.

Bizni kutib olgan, o‘zini Oksana deb tanishtirgan ayoldan bolakay haqida so‘rab-surishtirganimizda faqat u emas, mening ham farzandim maktabga bormaydi, dedi. Xullas, masala shunchalik chigallashib ketdiki, bu oilada bir-ikki emas, o‘ttiz yillik muammolar bor ekan.

Ko‘chada, mashinalar ballonini qoraytirib beradigan 11 yoshli, shu paytga qadar umuman maktabga bormagan bolaning ismi – Amir Smolin (Bu oiladagilar o‘zlari qo‘yib olgan ism-sharif, hech joyda qayd etilmagan). Amir Smolin bundan 30 yillar avval Samarqand shahriga kelib qolgan ayol - Gulmira Azimovaning o‘g‘li. Gap shundaki, Gulmira Azimovaning ushbu ism-familiyasi tug‘ilganidan shundaymi, yo yo‘q, buni o‘zi ham bilmaydi. Ehtimol bilar, ammo buni hozircha na sudda, na boshqa idorada aytolgan. Nega deysizmi? Bizga masalaning shu tomoni juda qiziq va xavotirli bo‘ldi.

1976 yilda tug‘ilgan Gulmirani bundan 30 yil avval temiryo‘l vokzalidan, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Vera Smolina (marhuma) topib oladi va uni uyiga olib kelib, qaraydi. (Bu Vera Smolinaning qizi, Oksana Siddiqovaning gaplari) Vera Smolina vafot etguniga qadar Gulmiraning shaxsini tasdiqlash uchun bir necha tashkilotlarga murojaat qiladi, ammo bu murojaatlari natijasiz qoladi. Bugun Gulmira Vera Smolinaning qizi - Oksana Siddiqova bilan birga istiqomat qiladi. O‘g‘li Amir ham.

- Meni onam, rahmatli Vera Smolina Gulmirani juda og‘ir, kaltaklangan, zo‘rlangan ahvolda 13 yoshida vokzaldan topib olib, uyga olib kelgan, - deydi Oksana biz bilan suhbatda. – U bizning oilada, vokzaldagi Mehnat mahallasida katta bo‘ldi. Onam o‘limidan oldin unga pasport to‘g‘rilash uchun harakat qildi. Afsuski, u qayerda tug‘ilganini eslay olmagani uchun barcha tashkilotlardan rad javobini oldik. Shuning uchun hozirgacha pasporti yo‘q, 11 yoshli o‘g‘liga ham tug‘ilganlik guvohnomasini to‘g‘rilay olmadik.

Sud hujjatlari, Gulmira Azimovaning shaxsini tasdiqlash uchun amalga oshirilgan harakatlar natijalarining qog‘ozdagi shakli bilan tanisharkanmiz, negadir unda Gulmiraning Qozog‘istondan kelib qolganligi haqida umuman hech narsa deyilmaganiga hayron bo‘ldik.  

Gulmira Azimovaning tug‘ilganlik faktini  belgilash to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha 2018 yil sentyabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq majlisida bo‘lib o‘tgan sud jarayonining hal qiluv qarorida quyidagi fikrlar bildirilgan: «Aniqlangan holatlar va Samarqand viloyat FHDYo arxivi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra,  1973-1979 yillar tekshirilganda Azimova Gulmirani tug‘ilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvi mavjud emasligi ko‘rsatilgan». Ya’ni, sudga ko‘rsatma berganda ayol o‘zini Samarqandda tug‘ilganman, deb tanishtirgan. Bu holatni boshqalar ham isbotlayapti.

-  Haqiqatan ham Vera Smolina Gulmiraning farzandi uchun tug‘ilganlik guvohnomasi to‘g‘rilash uchun bir necha marta bizga murojaat qilgan, - deydi Samarqand shahridagi 3-son FHDYo bo‘limi mudiri Inobat Boboqulova. – Bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma to‘g‘rilash uchun onasining pasporti lozim. Bilsak, onasining hatto tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi ham yo‘q ekan. Marhuma Vera Smolina bizga ilk murojaatda Gulmiraning Samarqandda tug‘ilganini ta’kidladi. Qoida bo‘yicha uning shaxsini tasdiqlatish uchun sudga yubordik, ammo Samarqand shahrida tug‘ilmagani ma’lum bo‘ldi. Gulmira bilan deyarli gaplashtirmagandi. Keyinroq esa uni Qozog‘istondan kelib qolganligi, 13 yoshida topib olganligini aytdi. Bu ayol nega yolg‘on gapirgan, buning ortida qanday maqsad yashiringan edi? Ayolga bu masala bo‘yicha ichki ishlarga murojaat qilishini so‘radim. Sababi, chetdan kelgan bo‘lsa so‘rov jo‘natish lozim bo‘ladi. Shu bilan Smolina bizga boshqa murojaat qilmadi.

Rostdan ham, nega 13 yoshidan beri uyida saqlab kelayotgan ayolga 40 yoshidan keyin hujjat to‘g‘rilashga harakat qilib qoldiykan ayol? Nima uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yolg‘on gapirdi? Buning ortida nima bor? Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand shahridagi Mehnat mahallasiga bordim.

Marhuma Vera Smolina, uning qizi Oksana Siddiqovani taniydiganlar bilan suhbatlashdim.

- Gulmira qozoq qizi, deb gapirganlarini eshitganman, rostdan ham u kichikligidan Vera Smolinani uyida yashab keldi, ammo hozir Oksana bilan ko‘chib ketdi, - dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi ayollar. – To‘g‘risi, ularning ishini qilar, shuni evaziga qornini to‘ydirib yurgan, shekilli. Oilada nosog‘lom muhit bo‘lgani, o‘sha paytlar ko‘p qizlar kelib-ketgani uchun unga ko‘pchilik e’tibor bermasdi. Lekin Gulmiraga zug‘um o‘tkazilgani, uni majburlikdan shu xonadonda saqlaganlari haqida gap bo‘lmagan. O‘zlari qanday hayot kechirsa, Gulmira ham shunday yashardi. Faqat Gulmiraning o‘g‘li tug‘ilgach, ular unga hujjat tayyorlashga kirishdilar. Afsuski, buning oxiriga yetolmay Vera opa vafot etdi. Anchadan beri bu mahallada yashamaydi ular.

Xullas, Gulmiraning asl ismi Gulmira ekanligi noma’lum, uning qayerda tug‘ilganligi haqidagi qaysi fikrga ishonishni bilmaysan. Bu oilada esa Gulmiraning o‘g‘li, 11 yoshli Amir, shuningdek, Oksana Siddiqovaning 8 yoshli o‘g‘li ham maktabga bormayotgani rost. «Men bularni maktabga emas, kuni bilan qaraydigan internatlardan biroviga joylashtirmoqchiman yoki vaqtincha mehribonlik uyiga joylasam, degandim. Lekin mutasaddilar buning uchun bolangdan voz kechasan, deyishyapti. Men boladan voz kechmoqchi emasman», deydi Oksana Siddiqova. Tushunishimizcha, Gulmiraning bu uyda ona sifatida ovozi yo‘q. Qo‘lida hujjati bo‘lmagach, nima ham deya olardi.

 «Bolalagimda noma’lum shaxslar meni urib, quduqqa tashlab ketishgani tufayli o‘tmishimni eslolmayman. Faqat buvim qo‘lida tarbiyalanganim esimda, ota-onamni bilmayman», - deydi Gulmira biz bilan suhbatda. Shu vajlarining Ichki ishlar vazirligi, xalq qabulxonasi va boshqa qator tashkilotlarga ham bildirgan. Ammo… natija yo‘q. Gulmira pasportsiz, Amir esa 11 yoshda bo‘lishiga qaramay, hamon maktabga oyog‘i yetmagan.

Bolalar esa shu muhitda katta bo‘lyapti… Ularga guvohnoma berishning nahotki iloji bo‘lmasa? Gulmira-chi? Nazarimda, unga nafaqat ichki ishlar tizimi yordami, balki ayollar reabilitatsiyasi markazlari ko‘magi ham juda kerak! Umuman, na Mehnat, na Siyobcha mahallasi jiddiy shug‘ullangan bu oila tegishli daftarlarga kiritilmagani, ularga aniq amaliy yordam ko‘rsatilmaganini qanday izohlash mumkin? Biror kun bu oilada noxush vaziyatlar, jinoyat sodir bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?

Kattalar-ku mayli, endi shu muhitga moslashib qoldi, yoshlar oyligi davom etayotgan shu kunlarda bu kabi bolalarga ham e’tibor bo‘lsa, ular ham boshqa bolalarday yashasa, degan umidimiz bor.

Gulruh Mo‘minova.