Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

11 yoshida uyquga ketib, 20 yoshida uyg‘ongan qizcha qissasi

U 10 yil uxladi va oilasini ochlikdan qutqardi. Ellen Sedler uzoq uyqudan keyin ko‘zlarini ochganda nimani his qilganini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ustiga-ustak na otasi, na onasi tirik edi. Yaqin odamlari - 11 aka-uka va opa-singillar Ellenga bir amallab u 10 yil uyg‘onmaganini tushuntirdi. Eng muhimi, uzoq uyqu katta oilasining tirikchilik qilishiga yordam berdi.

 Ellen 1859 yilning may oyida Britaniyaning Turvil qishlog‘idagi ko‘p bolali oilada tug‘ilgan. Uning otasi Uilyam Sedler fermer edi, u baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi. Onasi Enn Sedler farzandlariga o‘zinikidek munosabatda bo‘lgan zavod ishchisi Tomas Fryuenga turmushga chiqdi.

Chuqur uyquga ketish

1871 yilning 29 mart kuni Ellen aka-uka va opa-singillari bilan uxlashga ketdi. Hammasi odatdagidek edi, biroq ertasi kuni ertalab shu paytgacha sog‘lig‘ida hech qanday muammo bo‘lmagan qizaloq uyg‘onmadi. Unga baqirishdi, silkitishdi, turtishdi, lekin Ellen uxlayverdi.

Avvaliga ota-ona qizi vafot etdi, deb o‘yladi, lekin farzandining nafas olishi bir tekis, terisi issiq edi, yurak urishi sezilib turardi. Chaqirilgan mahalliy shifokorlar hech qachon bunday narsani ko‘rmagan edi, ular chuqur uyqu holatiga nima sabab bo‘lganini ayta olmasdan shunchaki yelka qisib qo‘yishdi.

Ko‘p o‘tmay, Sedlerlar uyiga butun mamlakatdan tibbiyot mutaxassislari kela boshladi. Har xil farazni ilgari surishni o‘z burchi deb hisoblagan olimlarning hech biri oxir-oqibat Ellen nima bilan kasallangani, u nega uyg‘onmasligi va qanday qilib uni uyg‘otish mumkin, degan savollarga aniq javob bera olmadi.

Oila daromadining ko‘payishi

Sedlerlar oilasi juda kambag‘al, tom ma’noda zo‘rg‘a kun kechirardi. Ellen uxlab yotgani haqidagi mish-mishlar tarqalgach, ular tomon turnaqator bo‘lib ziyoratchilar tizildi. Odamlar uni ko‘rish uchun pul to‘lashardi. Har kim o‘z g‘oyasi, ixtirosi va usullari bilan kelar, ammo ularning hech biri ish bermasdi.

Ba’zi shifokorlar butunlay g‘ayriinsoniy usul – qizaloq tanasi orqali elektr oqim o‘tkazishni taklif qilishdi, lekin qizning onasi va otasi bunga rozi bo‘lmadi.

Bir yil o‘tgach, Ellen nomi Britaniyadan tashqarida ham ma’lum bo‘ldi. To‘da bo‘lib kelgan sayyohlar qizning bir o‘rim sochini olib ketish uchun katta pul to‘lay boshlaganida oilada boylik to‘plash imkoni yaratildi.

Ellenning daromadi shunchalik katta ediki, bu hatto federal tergovga olib keldi. Mahalliy politsiya Ellen Sedlerning ota-onasini kasal farzandi orqali pul ishlab topishga qaror qilganlikda aybladi. Biroq, qizning onasi odamlar barcha pullarni o‘z xohishlari bilan xayriya qilayotganini, u hech qachon hech kimdan bir tiyin ham so‘ramaganligini isbotlay oldi.

Ona qiziga kichkina choynakdan bo‘tqa, sut va sharob ichirardi. Bir yil o‘tgach, qizning jag‘i butunlay mahkam yopildi, shunda Anna qizini tushgan tishi joyidagi kichik bo‘shliq orqali ovqatlantira boshladi.

Kutilmagan uyg‘onish

1880 yilda kutilmaganda doimiy stress va qizi tashvishida yashagan Ellenning onasi yurak xurujidan vafot etdi. Ellen onasi vafotidan 5 oy o‘tgach uyg‘ondi. U 11 yoshida uxlashga yotdi va deyarli 21 yoshida uyg‘ondi.

Qizig‘i, u 1881 yil Yangi yil arafasida uyg‘ongan. 1 yanvar kuni gazetalar bu yangilikni yoritganda butun dunyo Turvildagi uxlab yotgan qizi uyg‘onganini bilib oldi. Aka-uka va opa-singillari qurshovidagi qizga onasi va otasi bu  dunyoni tark etganligi haqidagi qayg‘uli xabarni yetkazishdi.

Qiz uyg‘onganida, uning aqliy rivojlanishi hali 11 yoshdagi boladagidek edi. Xolasi Greys Blekall darhol unga yordamga kelib, qiz bilan uslubiy ishlay boshladi va Ellen katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Afsuski, uyqu paytida to‘plangan pulning katta qismi sarflangan, shuning uchun Ellen  yashash uchun o‘zi pul ishlab topishi kerak edi.

U munchoqli marjonlarni to‘qib sotish orqali kun ko‘ra boshladi. Bir necha yil o‘tgach, Ellen Sedler kattalar hayotiga shunchalik moslashdiki, u hatto Readinglik fermerga turmushga chiqdi va olti farzandni dunyoga keltirdi.

Afsuski, 1901 yilda, 42 yoshida Ellen hech qanday sababsiz vafot etdi. “Uyqu sohibjamoli”ning hayotidagi so‘nggi yillarida nima bilan shug‘ullangani haqida hech qanday yozuv yo‘q.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.