Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

120 ming dollarga sotilgan gilam nusxasi Samarqandda to‘qilmoqda

Avval xabar qilganimizdek, Respublika “Hunarmand” uyushmasi, viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Samarqand viloyatida hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan press-tur ishtirokchilari ’’Samarqand-Buxoro ipak gilamlari’’ qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Ipakning tabiiy bo‘yoqlar bilan ranglanishi va gilam to‘qish jarayoni jurnalistlarda qiziqish uyg‘otdi.

- XIX asrda Turkmanistonda, jundan to‘qilgan gilamcha Italiyaga 120 ming dollarga sotildi, - deydi korxona bosh texnologi Hojisoatdurdi Bodg‘iziy. - Hunarmandlar mehnati ana shunday qimmatli, qadrlidir. Korxonamizda o‘sha gilamning nusxasi to‘qilyapti. Bu gilamni ikki nafar ishchi bir yilga yaqin vaqt mobaynida to‘qib bitiradi. Uning narxi yangi paytda 15 ming dollarga sotilishi mumkin. Bu gilamlar qancha ko‘hna bo‘lsa shuncha qimmat bo‘ladi.

Korxonada 250 nafar xotin-qiz faoliyat ko‘rsatadi. Ularga Afg‘onistondan kelgan hamkor, asli turkmanistonlik hunarmand Muhammadavaz Bodg‘iziy ustozlik qiladi. U 99 yoshda bo‘lishiga qaramasdan, gilam to‘qiydi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOYeV (foto).