Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

13 yildan ziyod vaqt qochib yurgan payariqlik jinoyatchi 7 yilga «kesildi»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi "v" bandi (zo‘rlik ishlatib, transport vositasini olib qochish) bilan sudlanuvchi M.S.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi.

O‘sha kuni, ya’ni 2006 yil 28 yanvarda 1980 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan M.S. “gashtak”dan chiqib, Alisher Navoiy MFY, Xalqobod qishlog‘ida mashinasida o‘tirgan fuqaro B.A.ni ko‘rib qoladi.

B.A.ni urib mashinadan tushirgan M.S. unga tegishli bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinasini olib qochgan. U spirtli ichimlik ichgan emasmi, yo‘lda avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Voqeadan hushi o‘ziga kelgan M.S. avtomashinani shu yerda qoldirib, o‘zi yashiringan.

IIB xodimlari tomonidan avtomashinani ko‘zdan kechirish davomida avtomashinada noma’lum shaxsga tegishli barmoq izlari olingan.

Olib borilgan qidiruv ishlari natija bermagach, holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi to‘xtatilib noma’lum shaxsga qidiruv e’lon qilingan.

Qorlar yog‘di, izlar bosildi, deb o‘ylagan M.S. qattiq yanglishgan edi. U 2019 yilda IIV tizimidagi fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga biometrik pasport olish uchun murojaat qilgan vaqtda avtomashinada qoldirilgan barmoq izlari unga tegishli ekanligi aniqlanib ushlangan.

Sudlanuvchi M.S.ga Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi "v" bandiga asosan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sh.ShARIPOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi raisi.