Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

18 yoshli qizni pichoqlab, kanalga tashlab yuborgan yosh yigitlar ushlandi

Toshkent viloyati, Zangiota tumanida ikki o‘smir o‘z tanishi bo‘lgan 18 yashar qizni pichoqlab, “Tuyabo‘g‘iz” kanaliga tashlab yuborgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 20 aprel kuni yuz bergan. Tongga yaqin soat 03:00 larda Zangiota tumanida yashovchi 17 yashar A.Q., uning ikki nafar sherigi va 18 yashar qiz o‘rtasida janjal yuz bergan. Janjal sababi noma’lum.

Xabarda aytilishicha, A.K. janjal davomida oshxona pichog‘i bilan qizning bo‘yin, qorin hamda tanasining turli qismlariga urib, shu yerdan oqib o‘tuvchi “Tuyabo‘g‘iz” kanaliga tashlab yuborgan va yigitlar hodisa joyidan yashiringan.

K.R. olgan tan jarohatlariga qaramasdan, kanaldan chiqib, o‘z uyiga yetib borgan va yaqinlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qizning hayoti saqlab qolingan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni A.K. va boshqalarga nisbatan JKning 25,97-moddasi 2-qismi "p" bandi bilan (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatchilar ushlangan.