Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

196,9 million so‘mlik elektr energiyasi ortiqcha sarflangan

Joriy yil may oyida Samarqand viloyatida Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati hamda uning shahar va tumanlardagi filiallari faoliyati o‘rganilgan edi.

O‘rganish jarayonida viloyat bo‘yicha 156 ta egasiz transformator punktlari mavjud ekanligi, 2017-2019 yillarda texnik  yo‘qotishlar tufayli qariyb 200 million so‘mga yaqin elektr energiyasi ortiqcha sarflanganligi aniqlangan. Shuningdek, ayrim korxona-tashkilotlarning elektr energiyasidan bo‘lgan debitor qarzlari oshib ketishi, elektr tarmoqlari tortilgan yog‘och tayanchlarni temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari sust ketayotganligi ham alohida qayd etilgan. 

Senat vakillari kelib o‘rganmaguncha, nahotki mazkur muammolarga hech kim e’tibor qaratmagan? Shuncha yildan beri bu transformatorlar sarflagan elektr energiyasining to‘lovi kimning bo‘ynida qolyapti? Bu boshbodoqlikka javob beruvchilar bormi? 

- Darhaqiqat, o‘rganishlardan so‘ng viloyat bo‘yicha 156 ta egasiz transformator punktlari borligi ma’lum bo‘ldi, - deydi «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati direktori Umarali Jo‘rayev. – Hozirda ushbu transformatorlar joylashgan hududlar aniqlandi. Ularning texnik hujjatlari rasmiylashtirilib, jamiyatimiz balansiga qabul qilindi. Shuningdek, o‘z vaqtida hisobga olinmaganligiga sabab bo‘lgan omillar aniqlanib, ortiqcha sarflangan 196,9 million so‘mlik elektr energiyasi bo‘yicha hujjatlar huquq-targ‘ibot organlariga taqdim etildi.

Bugungi kunda viloyatda mavjud elektr tayanch ustunlarining 298 ming 22 tasi, ya’ni 45 foizi 50-60 yil ilgari o‘rnatilgan simyog‘ochlardan iborat. Prezidentimizning “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizatsiya-rekonstruksiya qilish va yangilash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur simyog‘ochlar yangi temir-beton ustunlarga bosqichma-bosqich almashtirilmoqda. 

Joriy yilda viloyatda qariyb ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha, 220,4 kilometr elektr tarmoqlari qurildi. Shuningdek, 3 ming 697 dona simyog‘och ustunlari rekonstruksiya qilindi. 

Dilmurod To‘xtayev.