Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2021 yil Samarqandda mahalliylashtirish darajasi 51 foizga yetadi

Xorijdan keltirilayotgan mahsulotlarni keskin kamaytirish, ularni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, import tovarlarni mahalliylashtirish mamlakat iqtisodiy farovonligining asosi hisoblanadi.

Afsuski, joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatimizda hududiy import hajmi 595,1 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 136,8 million dollarga yoki 29,9 foizga o‘sdi. Shu davrda importyorlar soni 550 taga oshib, 1559 tani tashkil etdi. Import qilingan tovarlar soni 2352 taga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga yuqoriladi. Hududiy importda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 67 foizga, o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 48,3 foizga oshgan. Bu mahsulotlar 22,3 million dollarga import qilinib, 2018 yilning 9 oyiga nisbatan 18 million dollarga kamaygan.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida “Mahalliylashtirish – jadal rivojlanayotgan O‘zbekistonning yangi sanoat tizimi” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Viloyat hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov 2019 yilning o‘tgan 9 oyida hududiy importning respublikadagi ulushi 6,21 foiz ko‘rsatkichda ekanini qayd etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,63 foizga kamayganini ta’kidladi.

- Ishlab chiqaruvchi uchun asosiy muammo mahsulotini sotishda kuzatiladi, - deydi N.Ibragimov. – Shu bois Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, cooperation.uz elektron kooperatsiya birja portali ishga tushirildi va ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari joylashtirib borilmoqda. Mahalliylashtirish dasturi asosida 11 ta korxonada 28 ta loyiha amalga oshirilib, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 152,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Dastur asosida 2020 yilda 155,8 milliard va 2021 yilda 287 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar o‘rganildi. Mahalliylashtirish darajasi esa 2020 yilda 34,6 foizga, 2021 yilda esa 51 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida N.Ibragimov jurnalistlarning savollariga batafsil javob berdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.