Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2021 yilgi zakot nisobi qancha? Fitr sadaqa va fidya miqdori-chi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy 2021 (hijriy 1442) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori e’lon qilindi.

Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 320 ming so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi zakot nisobi 27,2 million so‘m deb belgilandi.

Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27,2 million so‘m va undan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.

Fitr sadaqasining miqdori bug‘doydan yarim so‘ (2 kg.), arpadan bir so‘ (4 kg.), mayizdan yarim so‘ (2 kg.) va xurmodan bir so‘ (4 kg.)dir.

Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning bozorlardagi narxlari o‘rganilganda 1 kilogramm bug‘doy o‘rtacha 5 ming so‘m, 1 kilogramm arpa o‘rtacha 3,5 ming so‘m, 1 kilo mayiz o‘rtacha 40 ming so‘m va 1 kilo xurmo o‘rtacha 35 ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, fitr sadaqasining miqdori:

bug‘doydan 2 kg 10 000 (o‘n ming) so‘m;

arpadan 4 kg 14 000 (o‘n to‘rt ming) so‘m;

mayizdan 2 kg 80 000 (sakson ming) so‘m;

xurmodan 4 kg 140 000 (bir yuz qirq ming) so‘m deb belgilandi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.

Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo‘lib, bugungi kunda bu o‘rtacha 25 ming so‘mga to‘g‘ri kelganidan, bu yilgi fidya miqdori bir kun uchun 25 ming so‘m, bir oyga 750 ming so‘m deb belgilandi.