Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2022 yilda O‘zbekistonda MDH PA majlisini o‘tkazish rejalashtirilmoqda

Tashrif doirasida O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisida ishtirok etdi. Unda Assambleya faoliyatiga oid bir qator masalalar, shu jumladan tashkilotning 2020 yildagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar MDH Hukumat rahbarlari Kengashining 2020 yil 6 noyabrdagi va MDH davlat rahbarlari Kengashining 2020 yil 18 dekabrdagi qarorlari to‘g‘risidagi axborotni eshitdilar. Mazkur axborot MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev tomonidan taqdim etildi.

Shuningdek, Kengash a’zolari 2021 yil 27-28 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan IX Neva xalqaro ekologik kongressi va 2021 yil 13-15 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan uchinchi Yevroosiyo ayollar forumiga tayyorgarlik borishini muhokama qildilar. Parlament a’zolari joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyalarini kuzatish natijalarini va boshqa qator masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Bundan tashqari, Assambleya huzuridagi Iqtisodiyot bo‘yicha ekspert kengashining faoliyati, Hamdo‘stlikni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar ko‘rib chiqildi.

MDH davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisini, aniqrog‘i MDHning yubiley sammitini Minskda o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi. 2022 yil noyabrda esa, MDH PA majlisini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi.