Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

22 mart - Xalqaro obi hayot kuni: 2030 yilda 700 million inson suv tanqisligi bois ko‘chishga majbur bo‘ladi

Sayyoramizda har yili 22 mart – Xalqaro obi hayot kuni sifatida nishonlanadi. 1992 yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan BMT koferensiyasida shu haqda qaror qabul qilingan edi.

Aslida suv – hayot manbai. Olamning borligi ham suv tufayli. Bekorga koinotdagi turli sayyoralarda hayot nishonalari bor yoki yo‘qligini aniqlashga qaratilgan harakatlar suvni izlashdan boshlanmaydi. Sir emas, kurrai zaminimizning 70 foizi suv bilan qoplangan bo‘lsa-da, uning 97,5 foizi sho‘r suv, ya’ni foydalanishga yaroqsiz. Qolgan 2,5 foiz chuchuk suv zaxiralarining qariyb 68,7 foizi muzliklar hissasiga to‘g‘ri kelishi ham suv naqadar bebaho va tanqis ne’mat ekanligidan dalolat beradi. Qisqa qilib aytganda, umumiy suv zaxiralarining atigi bir foizigina ichish uchun yaroqlidir. Shu boisdan ham bugungi kunda dunyodagi 663 million inson yaqin atrofdagi ichishga yaroqli suv manbaidan mahrumdir.

Yigirmanchi asrga kelib suvdan foydalanish miqdori aholi soniga nisbatan 2 baravarga oshgani holda, obi-hayotni isrof qilish darajasi ham ko‘payib ketdi. Jumladan, rivojlangan davlatlarda chuchuk suvning 30 foizi texnik sabablarga ko‘ra uvol bo‘lsa, ayrim yirik shaharlarda bu boradagi raqam 70 foizni tashkil etadi.

Xo‘sh, BMTdek nufuzli xalqaro tashkilot doirasida 22 mart – Xalqaro obi hayot kuni deb e’lon qilinishi insoniyatga nima beradi va bu sana nishonlanishidan maqsad nima? Albatta, bu borada muayyan darajada cheklov yoki obi hayotdan belgilangan me’yorlar darajasida foydalanish xususida tartib-taomillar o‘rnatilishi xususida gap bo‘lishi mumkin emas. BMT 22 mart masalasida bunday qarorga kelishdan maqsad sodda qilib aytganda, hayot mavjudligi, Yerdagi taraqqiyot suvga ham bog‘liq ekanini insoniyatga eslatish, bu borada bong urishdir.

 

Ayrim ma’lumotlar:

- sayyoramizdagi 2,1 milliard inson suvdan foydalanish imkoni bo‘lmagan uylarda yashaydi;

- dunyodagi maktablarning chorakdan bir qismi toza ichimlik suvi manbaiga ulangan emas va bolalar xavfsiz suvdan foydalanish huquqidan mahrum etilgan;

- har kuni dunyoda 700 ga yaqin bola xavfsizligi kafolatlanmagan va sanitar sharoitlari yomon suvni iste’mol qilish tufayli hayotdan ko‘z yummoqda;

- dunyodagi xavfsizligi kafolatlanmagan suvdan foydalanuvchilarning 80 foizi qishloq hududlarda istiqomat qiladi.

- dunyodagi 159 million inson iste’mol va ro‘zg‘orda foydalanish uchun ichimlik suvini buloq va boshqa tabiiy manbalardan tashib keltiradi;

- 2030 yilga borib kamida 700 million inson suv tanqisligi tufayli boshqa hududlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.