Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

24 mart - Butunjahon silga qarshi kurashish kuni: Koronavirusdan ham xavfli kasallik

O‘tmishda sil kasalligiga chalingan inson moliyaviy ahvoli va yoshiga qaramay hayotdan ko‘z yumardi. Bugungi kunda bu kassalik o‘tmishdagi kabi qo‘rqinchli emas. Biroq tibbiyot sohasida erishilayotgan yutuqlarga qaramasdan, uni sezmay qolish mumkin, yo‘qotish qiyin, unutishni esa iloji yo‘q.

Sil kasalligi – bu havo tomchi infeksiyasi. U ko‘pincha o‘pkaga ziyon yetkazadi. Lekin boshqa organlarga, masalan, suyaklar, teri, ichakka ham “hujum” qilishi mumkin. Kasallikning yuzaga kelishiga mycobacterium tuberculosis bakteriyalari sababchidir. Ular muayyan sohalarda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Natijada, to‘qimalarda tugunlar va nekroz o‘choqlari, ya’ni o‘lik to‘qimalar hosil bo‘ladi. Ular tufayli organlar normal ishlay olmaydi, tana esa umumiy intoksikatsiya bilan javob qaytaradi.

Agar immunitet yoki dori-darmonlar kasallikni vaqtida to‘xtatmasa, inson hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin.

Savol tug‘iladi: sil kasalligi qanday va qayerda yuqishi mumkin?

Infeksiyaning asosiy o‘chog‘i – bemor insonlar. Shunday bo‘lsa-da, ushbu kasallikning jonivorlardan yuqish ehtimoli ham mavjud. Atrofda kasallar qancha ko‘p bo‘lsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi. Yirik shaharlarning odamlar gavjum jamoat joylarida bunday bemorlarga to‘qnash kelish hech gap emas.

Yomoni, bemorlarning aksariyatida kasallikning yopiq shakli uchraydi. Ya’ni bakteriyalar organizmni kemirib boradi. Lekin atrof-muhitga ajralmaydi. Silning ochiq shakli esa atrofdagilar uchun (bemorlarning o‘zi uchun ham) juda xavfli. Shuning uchun uni shifoxonada davolash zarur. Silning ochiq shaklidan aziyat chekuvchi kishilar bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish – katta xavf. Ushbu dardga duchor bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan joylar odamlar yaxshi ovqatlanmaydigan, gigiyenaga rioya qilmaydigan tor, sovuq, zax inshootlardir.

Noqulay sharoitlarda yashovchi hamda immuniteti past kishilar xavf guruhiga kiradi. Bunday shart-sharoitlarda sil yashirin shakldan faol shaklga o‘tadi. Kasallik to‘laqonli ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bo‘lmagan joylarda keng tarqaladi.

Sil kasalligini tashxislash qiyin. Chunki uni erta bosqichlarda nafas yo‘li kasalliklarining birortasi bilan adashtirish hech gap emas.

Erta bosqichdagi sil kasalligining belgilari quyidagilardan iborat bo‘ladi: bemorning harorat 37-37,5 S gacha ko‘tariladi, yengil isitmalaydi, holsizlik, tez charchash seziladi. Shuningdek, vazn yo‘qotadi, ishtahasi bug‘iladi, sababsiz oza boshlaydi. Bolalardagi o‘sishning sekinlashishi ham sil belgisi bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, kuchli terlash, ayniqsa, tunda ko‘krak qafasida og‘riq turishi, haftalab ketmaydigan yo‘tal ham mazkur xastalik belgilaridan hisoblanadi. Kasallik avj olganda balg‘amda qon ko‘rinadi. Sil belgilari asta-sekinlik bilan rivojlanadi, bemorda bu belgilarning barchasi bo‘lishi shart emas. Shuning uchun ham bolalarga mantu qilinadi, kattalar esa flyuorografiyadan o‘tish kerak bo‘ladi. Bu jarayon hatto kasallik o‘zini namoyon qilmaganda ham uni aniqlash imkonini beradi.

Infeksiyalardan himoyalanishning ikki usuli mavjud. Birinchisi, sog‘lom hayot tarzi, odatiy gigiyena qoidalari, qulay yashash sharoiti. O‘z xonadoningizga kirishingiz bilan qo‘llarni yuving, xonalarni shamollating, badantarbiya qilish va qomatni saqlash lozimligini ham unutmang. Ikkinchisi, muayyan kasallik profilaktikasiga qaratilgan usul. Masalan, biror kasallika qarshi emlash. Ammo emlash insonga yuz foiz yordam bera olmaydi. Silga qarshi BSJ vaksinasi mavjud. U infeksiya yuqishidan himoya qilmaydi. Lekin murakkab holatlarga qarshilik qilishda yordam beradi. Xususan, u sil meningiti rivojlanishiga yo‘l quymaydi. Unutmaslik lozimki, sil kasalligi bilan kurashda hujayra immuniteti muhim ahamiyatga ega. Unga esa emlashning aloqasi yo‘q.

Aniq tashxis ko‘yish uchun rentgenografiya yoki kompyuter tomografiyasidan o‘tish, bakteriyalarni aniqlash uchun tahlillar topshirish zarur. Muhimi, kasallikning oldini olish. O‘z vaqtida shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turish sil xastaligini erta bosqichlarda aniqlash hamda uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.

Abduvali AShUROV,

viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi oliy toifali vrach-ftiziatri.