Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

400 AQSh dollari evaziga shahodatnoma rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari qo‘lga olindi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqaro A. ariza bilan murojaat qilib, unda o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida o‘qishga kirish tartibi bilan qiziqib yurgan vaqtida Samarqand shahridagi 8-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari D.Z. uning ishonchiga kirib, 400 AQSh dollari evaziga 11 yillik ta’limni olganligi to‘g‘risida shahodatnoma rasmiylashtirib berishini aytgan.

Buning uchun dastlab 100 AQSh dollarini oldindan olgan, hozirda esa qolgan 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib kelayotganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan 4 iyul kuni Samarqand viloyati IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan 8-sonli maktab binosida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, D.Z. xizmat xonasida ariza muallifidan talab qilgan 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.