Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

55 000 000 so‘m miqdordagi qalbaki kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar jinoyat ustida ushlandi

10 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi hamda Toshkent tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida qiymati 55 millionga yaqin qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga kirgizmoqchi bo‘lgan shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Tafsilotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan F.R. tanishlari 1997 yilda tug‘ilgan J.T. va A.A. bilan birga noqonuniy ravishda qalbaki pullarni yasab, ularni muomalaga kirgizish maqsadida tayyorlaganida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Tadbir davomida ushlangan shaxslardan: 58 dona kesilgan, 490 dona qog‘ozda tayyorlanib kesilmagan qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar, rangli printer, 2 quti maxsus qog‘ozlar, pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyolar sifatida olingan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Toshkent tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.