Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

73 yoshli hind ayoli egizak farzandli bo‘ldi

Hindistonning janubiy Andxra-Pradesh shtatida 73 yoshli ayol egizak qizlarni dunyoga keltirdi, deb xabar berdi BBC nashri.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ona hamda chaqaloqlarning ahvoli yaxshi.  Egizaklar o‘z onasining qo‘liga sog‘-omon topshirildi.

Ayolning turmush o‘rtog‘i, 82 yoshni qarshi olgan Rajarao farzandli bo‘lishni necha yillar davomida orziqib kutishganini va ezgu niyatlarining amalga oshganidan behad xursandligini bildirdi.

Ammo bir kun o‘tib, janob Rajarao to‘satdan insultga uchradi va u hozir shifoxonada davolanmoqda.

"Hech narsa bizning qo‘limizda emas. Peshonamizga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘ramiz. Ammo bizga nima bo‘lishidan qat’iy nazar, kim bizning farzandlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi?", deya xalqqa murojaat qildi qariya.