Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Adolat” SDP “Lukoil” amaldorining ishchilarni haqorat qilgani yuzasidan bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «LUKOIL UZBEKISTAN OPERATING COMPANY» mas’uliyati cheklangan jamiyati amaldori – bosh energetik Ivan Aleksandrovich Shilov Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani, Jarquduq gaz tayyorlash majmuasi ishchilarini haqorat qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 13-moddasidagi “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, degan me’yorga zid, deb hisoblaydi. Shu sababli Jamiyat rahbariyati hamda tegishli davlat organlaridan bu masalaga oydinlik kiritib, qonun ustuvorligini ta’minlashni so‘raydi.

Videotasvirdan yaqqol ko‘rish mumkinki, rahbar qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlab, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmatsizlik bildirgan.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi videotasvirda gavdalangan holat yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borish, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqqan mansabdor shaxsning jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik masalasini muhokama qilish, natijasi haqida ommaga xabar berish zarurligini qayd etadi hamda bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi mas’ul davlat organlarining munosabatini so‘raydi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP axborot xizmati.