Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aeroportlarni rivojlantirishda imtiyozlar beriladi

Aeroportlar uchun mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qator soliq imtiyozlari berilmoqda.

Qarorda respublika aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan kundan boshlab uch yil muddatga qator soliq va bojxona imtiyozlari belgilangan.

Jumladan, xususiy sheriklar, ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha tashkilotlari, operatorlar, maslahatchilar, pudratchilar va subpudratchilar olib kiriladigan maxsus transport vositalari, yo‘l-qurilish texnikasi, mashinalar, mexanizmlar, uskunalar, xom ashyo, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, uzellar, texnologik va loyiha hujjatlari, dasturiy ta’minot, jihozlar, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlashga mo‘ljallangan maxsus yo‘l-qurilish texnikasi va uskunalari uchun bojxona bojidan, olib kiriladigan transport vositalari (yengil avtomobillardan tashqari) va maxsus texnika uchun utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Xususiy sheriklar va aeroportlar foyda solig‘ini, shu jumladan dividend to‘lashda ushlab qolinadigan foyda solig‘ini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi.

Aeroportlar uchun mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.