Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti qachon?

Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish tadbirini amalga oshirishga odatda 10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davr talab etiladi. Bu tadbir bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham ma’lumotlar aniq bir vaqtda - ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kuni boshlanish soatidagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.

Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo‘lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o‘zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan bosqichlar belgilangan. Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Umuman, mamlakatimizda har bir ma’muriy hududda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari to‘g‘risida ishonchli, xolis va yaxlit ma’lumotlar yagona statistik uslublar asosida yig‘iladi.

Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilganki, bu hududlarda xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala. Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddati tugagan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’yektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, bu bilan respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasi hisoblanadi.

D.KARAChAYeV,

Samarqand shahar statistika bo‘limi bosh mutaxassisi.