Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ajrim hukmi 500 AQSh dollar emas...

Zarnews.uz saytida joriy yilning 21 iyul kuni Oygul Mamatovaning “Nega oilaviy ajrimlar kundan-kun oshib bormoqda? Ajrim hukmi 500 dollarga chiqqani rostmi?” nomli maqolasi berilgan edi. Ushbu maqolaga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi v/b B.U.Norov imzosi bilan raddiya xati keldi.

Unda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston Respublikasi - Prezidentining 2017 yil 13 iyundagi sudyalar bilan bo‘lgan tarixiy uchrashuvidan keyin sud sohasida sudning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sudni inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi hokimiyatga aylantirish orqali xalqni sudga bo‘lgan ishonchini orttirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5482- sonli Farmoni mazkur amalga oshirilayotgan islohotlarni davomi bo‘ldi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining sud organlari faoliyatining shaffofligini yanada ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi qator takliflari qabul qilingan.

Samarqand viloyatida ajrimlarning oldini olish maqsadida viloyat sudi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi, "Mahalla", "Nuroniy" jamg‘armasi va yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila, nikoh tushunchalari, ularning qadr-qimmati haqida targ‘ibot ishlari olib borishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Yoshlarni oilaga tayyorlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, targ‘ibot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlarining 2019 yil  1-yarmida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlarga nazar solsak hisobot davrida nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari soni 2019 yil 1-yarmida 2.661 tani tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 358 taga kamaygan. Ular bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan qarorlar soni 1.429 tani tashkil qilib, 2018 yil 1-yarmi shu davriga nisbatan 164 taga kamaygan.

Nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilishning asosiy sabablari tahlil qilinganda oilaviy kelishmovchilikni 1541 ta, moddiy jihatdan qiynalganlik 288 ta, farzandsizlik 136 ta, spirtli ichimliklarni suiste’mol qilishlik 71 ta, boshqa sabablar 775 tani tashkil qilishligi ma’lum bo‘ldi.

Sudlar tomonidan taraflarni yarashishlari uchun ko‘rilgan choralar, xususan mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan tushuntirish ishlari, sayyor sud majlislarida ajralishning haqiqiy sabablarini aniqlash borasida olib borilgan ishlari natijasida, 105 ta oilalar yarashishiga erishilgan.

Bundan tashqari, mazkur arizalar bilan sudga murojaat qilganlarning ko‘p qismi yosh oilalar ekanligi kuzatiladi. Xususan, 18 yoshdan 25 yoshgacha 885 ta, 26 yoshdan 35 yoshgacha 1263 ta, 35 yoshdan yuqori esa 513 ta arizalar sudga kelib tushgan.

Agar tomonlarning o‘rtalarida farzandlari, mulkiy nizolari bo‘lmasa ular nikohdan ajratish haqida FHDYo bo‘limiga belgilangan tartibda murojaat qilishlari lozim.

Nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rishda sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rishda ko‘p hollarda duch kelinadigan turmushda kechadigan vaqtinchalik va tasodifiy sabablarga ko‘ra, er-xotin o‘rtasida kelib chiqqan ixtiloflar, shuningdek er-xotindan biri yoki har ikkalasining jiddiy vajlar keltirmagan holda nikoh munosabatlarini davom ettirishni xohlamasligi nikohdan ajratish uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. Nikohdan ajratishga asoslar bo‘lmaganda, sud da’voni rad etadi.

Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.

Sudga nikohdan ajratish haqidagi da’vo ariza topshirishda Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-son qarorida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida va 14.200 so‘m pochta xarajatlari to‘lab, takroriy berilganda eng kam oylik ish haqining to‘rt barobari miqdorida va 14.200 so‘m pochta xarajatlari to‘lab murojaat etiladi. Sudning hal qiluv qarori tomonlar nikohdan ajratilganda, tomonlarning birinchi oilasi bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 150 foizdan 300 foizgacha, er-xotindan biri takroriy nikohda bo‘lsa sudning qarori bilan 300 foizdan 400 foizgacha er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan undirilishi belgilangan davlat boji FHDYo bo‘limiga to‘lanadi. 

Agar sudyalar yoki sud xodimlari tomonidan ta’magirlik, firibgarlik, pora berishga undash, vositachilik qilish yoki ular tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atiga murojaat etishlari (0366-231-03-58) mumkinligi ma’lum qilinadi.

Ushbu holatlar bo‘yicha berilgan ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beriladi.

Xulosa qilib aytganda! Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlari tomonidan nikohdan ajratish haqida da’vo arizalar ko‘rib chiqilganda, dastlab sudga da’vo ariza topshirish uchun da’vogar tomonidan eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida hamda 14.200 so‘m pochta xarajatlarini AT “Xalq banki”ning hisob raqamiga to‘laydi. Shundan so‘ng sud tomonidan taraflar o‘rtasida tuzilgan nikoh bekor qilingan taqdirda, nikoh bekor qilinganda taraflardan eng kam oylik ish haqining 150 foizdan 300 foizgacha, er-xotindan biri takroriy nikohda bo‘lsa sudning qarori bilan 300 foizdan 400 foizgacha davlat boji FHDYo bo‘limiga to‘lanadi.

Yuqorida aytib o‘tilgan holatdan ko‘rinib turibdiki. Sudga murojaat qilgan fuqarolardan pul talab qilinmaydi!”