Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aks-sado: «Bugunning o‘qituvchisi. Biz uning saviyasidan nega qoniqmayapmiz?»

(zarnews.uz, 30 aprel, “Zarafshon” gazetasi, 2019 yil, 30 aprel 54-55-qo‘shma son)

***

O‘qituvchining saviyasi haqida umumiy tanqidiy fikrlar ko‘p aytilyapti. Ammo maqola muallifi bu holatni chuqur tahlil qilgan. Garchi achchiq tuyulsa-da, bor gapni aytgan.

Bir narsaga o‘zim guvoh bo‘lganman. Ayrim (ko‘pchilik deyishdan tiyildim) o‘qituvchilar allaqachon konspekt yozmay qo‘yishgan. Internetdan elektron variantlarni chiqarib olishadi. Ba’zilari o‘sha tayyor matnni o‘qib ham ko‘rishmaydi. Aslida bu “konspektingiz bormi?” deganda, “mana, bor” degan xo‘jako‘rsinlikdir.

Gulrux Xolmirzayeva,

Bulung‘ur tumanidagi 49-umumiy

o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari.

***

Istaymizmi, yo‘qmi, bu maqola yuzimizni oynadek ko‘rsatib berdi. Kamchiliklarimizning asosiy sabablarigacha aytilgan. Hatto oldimizdagi vazifalar aniq ko‘rsatib berilgan.

Allaqachon aytilish kerak edi bu gaplar. Davlatimiz rahbari biz, pedagoglar uchun katta g‘amxo‘rliklar qilayotgan bir paytda, qo‘l qovushtirib mening bo‘larim shu, deb turishimiz ta’limga nisbatan o‘ta hurmatsizlikdir.

Muallif ta’kidlaganidek, agar muallimda ishtiyoq, vijdon bo‘lmasa, malaka oshirish kurslari, hatto ko‘rilayotgan choralar ham ish bermaydi.

O‘qituvchi uyg‘onishi kerak, u o‘zining jamiyatdagi o‘rnini topishi kerak. Maktablarda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har bir holatga qarshi ayovsiz kurashmoq kerak.

Jonibek Alimov,

Narpay tumanidagi 69-umumiy o‘rta ta’lim

maktabining tarix fani o‘qituvchisi.

***

Har bir o‘qituvchi vedomostga imzo chekib, maoshini olayotganda o‘ziga “men shu oyligimga yarasha ish qila oldimmi?” degan savolni bersin.

Bilaman, yillar davomida shakllangan boqibeg‘amlik kayfiyatini o‘zgartirish oson emas. Lekin asta-sekin bo‘ladi, deb o‘tirmaslik kerak. Biz, rahbarlar hozirdanoq har bir o‘qituvchi mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rmog‘imiz lozim.

Yashirib nima qilamiz, aksariyat muallimlarda yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmasi yo‘q. Faqat nazorat va talab orqali bu jarayonni jonlantirish mumkin. Nazarimda, barcha maktablarda bu maqola muhokama etilib, kamchiliklarni tuzatish yuzasidan choralar belgilanishi zarur.

Xayriniso Mardiyeva,

Oqdaryo tuman 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi

direktori o‘rinbosari.