Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Samarqandda o‘tkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

Buyuk muhaddis haqiga Qur’on tilovat qilindi.

Misr Bosh imomiga mazkur majmua tarixi, ayni paytda bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng yuqori martalabi mehmon davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni hayrat bilan kuzatdi.

Muassasalar ilmiy xodim va tinglovchilari bilan suhbat chog‘ida Shayx Ahmad Tayyib ularni Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziydek ulug‘ ajdodlarga munosib olim bo‘lib yetishishga da’vat etdi. Buning uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga yuksak baho berdi.

“Al-Azhar” majmuasi rahbari xalqaro markaz va hadis ilmi maktabi faxriy mehmonlar kitobiga o‘z dil so‘zlarini yozib qoldirdi.