Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 36 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan

Bu haqda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida joriy yilning besh oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Zokirov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda MIB viloyat boshqarmasi va uning hududiy tarmoqlari tomonidan 2,5 trillion so‘mlik 221 ming 120 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan.

Mulkiy undiruvlarga oid ijro ishlari bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida davlat foydasiga 272,5 milliard so‘m, banklar foydasiga 69,2 milliard so‘m, yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga 308,2 milliard so‘m pul mablag‘lari amalda undirildi. 

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni talabidan kelib chiqib, yangi tizim asosida 2020 yilning 1 dekabridan boshlab davlat foydasiga undiruvlarning muayyan qismini “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bo‘yicha jamg‘armalarga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tartib asosida joriy yilning 5 oyi davomida 16,1 milliard so‘m pul mablag‘lari ushbu "daftar"larga undirilishi ta’minlandi.

– Aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro tadbirlarining samarasini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi A.Zokirov. – Chunki joriy yilning 1 iyun holatiga aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 32 162 tani, ya’ni ish yurituvimizdagi jami ijro ishlarining 28,3 foizini tashkil qiladi. Amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 20,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi. Bu toifadagi ijro ishlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida 452 ta yosh oila yarashtirildi. Ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ushbu toifaga kiruvchi 425 nafar aliment to‘lovchi otalar ishga joylashtirildi va aliment undiruvlari ularning ish haqiga qaratildi.

Shu bilan birga, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyillariga tayangan holda, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam bo‘yin tovlab kelgan 385 nafar qarzdorlar ma’muriy, 36 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu sohadagi muammolarni hal qilish maqsadida 2021 yil 1 martdan boshlab voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali alimentlarni yetkazishdagi pochta xarajatlari tejalmoqda, ya’ni undiruvchi aliment pulini hech qanday ushlanmalarsiz to‘liq olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, alimentlarni oyma-oy, so‘zsiz to‘lab borilishini onlayn nazorat qilish imkoni yaratildi.

Joriy yilning 5 oyi davomida viloyatda noqonuniy egallab olingan 890,9 gektar yer maydonlarini qaytarishga doir 545 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan davrda 418 ta ijro hujjatlarining amalda ijro qilinishi ta’minlanib, 775,04 gektar noqonuniy egallab olingan yer maydonlarining tegishli xokimiyat zaxirasiga, fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga qaytarilishi ta’minlandi.