Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

AQSh harbiylarini hali Germaniyadan olib chiqmaslikka qaror qildi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Jo Bayden 4 fevral kuni Amerika harbiy kontingentining Germaniyadan chiqarilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

“Kecha u Pentagon rahbari Ostinning AQShdagi harbiy qismlarini dunyo bo‘yicha joylashtirilishini ko‘rib chiqishi va shu jarayon doirasida AQSh qo‘shinlarining Germaniyadan har qanday qayta joylashtirilishini to‘xtatishi haqida e’lon qildi”, dedi Sallivan brifingda.

Uning ta’kidlashicha, Bayden davrida AQSh qo‘shinlarining xorijga joylashtirilishi "bizning milliy xavfsizligimiz va diplomatik ustuvorligimizga muvofiq bo‘ladi".

2020 yil iyun oyida Amerikaning sobiq prezidenti Donald Tramp Germaniyadan 12 ming amerikalik harbiy qo‘shinni Yevropa davlatlariga va Amerikaga olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilganini e’lon qildi. U Germaniyada 25 ming askar qoldirish niyatida ekanligini ta’kidladi.

O‘shanda Tramp Germaniya mudofaa uchun yetarli mablag‘ ajratmayotgani va shu tariqa NATO ishonchini yo‘qotmoqda, deb hisoblaganligi sababli bunday qarorga kelganini tushuntirdi. Tramp Berlin mudofaa byudjetini oshirsagina barcha harbiylarni Germaniyaga qaytarishga qaror qilgandi.