Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Armaniston Parlamenti favqulodda yig‘ilish chaqirdi

Armanistondagi siyosiy inqiroz Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy mojarolardan beri davom etyapti. Bu inqiroz fevral oyi oxirida Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Pashinyanning iste’fosini talab qilgach, keskinlashdi. Yerevanda har kuni Bosh vazirning tarafdorlari va unga qarshilarning namoyishlari o‘tkazilyapti.

Vaziyatni yumshatish maqsadida Armaniston parlamentida ko‘pchilik o‘ringa ega “Mening qadamim” fraksiyasi Armaniston Milliy yig‘ilishining (parlament) navbatdan tashqari sessiyasini e’lon qildi. Bu haqda qonun chiqaruvchi organning rasmiy saytidagi xabarda aytilgan. 

Unga ko‘ra, yig‘ilish ertaga, 2 aprel kuni soat 11:00 da bo‘lib o‘tadi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yig‘ilish kun tartibiga "Armaniston Respublikasi Saylov kodeksi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi kiritilgan.

Avvalroq, Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan mamlakat ko‘pvektorli inqiroz holatida ekanligini ma’lum qilgandi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa aprel oyida iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi.