Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l”

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan bir guruh “ziyolilar”ning  rus tilini davlat tili maqomiga ko‘tarish borasidagi taklifini o‘qib jim tura olmadim.

Bundan 20 yillar oldin Samarqand davlat chet tillar institutining professori, marhum ustoz Inoyatulla Suvonqulov  Samarqand shahrining har bir ko‘chalarini piyoda kezib, ularni buyuk bobokalonlarimiz nomlari bilan atashda fidoyilik ko‘rsatganligini ko‘pchilik ziyolilar yaxshi bilishadi.

U kishi bilan uchrashganimda doim qo‘lida allaqanday qog‘ozlar - hujjatlar ko‘tarib yurganiga guvoh bo‘lardim.

- Bugun hokimga kirdim, mana bu ko‘chani, mana bu buyuk bobomiz nomi bilan atadik, bunisi esa, mana bu faylasuf bobomiz nomi bilan ataladigan bo‘ldi, - der edi rahmatli ustoz.

- Domla doim el tashvishi bilan yurasiz. Sizga o‘xshagan fidoyi olimlarimiz  ko‘paysin, - desam “Qizim, bilmaysiz, olimlar, ziyolilar ichida ham Mustaqilligimizni haligacha qabul qila olmayotgan, tilimizning rivojlanishini xohlamaydiganlari ham bor”, degan edi.

Ustozning gapi  bugun o‘z tasdig‘ini topdi. Biz havas qilgan olimlar, qo‘shiqlarida, ijro etgan rollarida bizga Vatanni, o‘zlikni sevishni o‘rgatgan ayrim (san’atkorlarimiz) “ziyolilar”ning  taklifi ko‘pchilikni bir to‘xtab mulohaza qilishga chorladi.

Ularning da’vosi bu shunchaki taklif emas. Buning tagida manfur g‘oyalar yotgandek go‘yo.

Qo‘pol bo‘lsa-da, murojaat aynan Rossiya tashqi ishlar vazirining mamlakatimizga tashrifi arafasida e’lon qilinishi yurtimizdagi 130 dan ortiq millat va elatlarning inoqligiga rahna solishga urinish, deya baholash mumkin.

Yoki boshqa tomondan qaraganda, bu “mulozamat” kurakda turmaydigan xushomadning o‘zginasi. Ularga shu tobda  “Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringaning kabi bo‘l”, degim keldi.

Mazkur murojaatdan so‘ng, O‘zbekistonning haqiqiy ziyolilari bir maqsad, g‘oya yo‘lida birlashganligi tahsinga sazovor. Ularning orasida marhum domla Inoyatulla Suvonqulov kabi fidoyi insonlar ko‘pligiga ham ishonaman. 

 Ammo yurtimizda o‘zbek tili targ‘iboti borasida ishlar haqiqatda qoniqarli emas. Toshkent, Samarqandning markaziy ko‘chalaridagi pannolar, do‘kon peshtaxtalardagi yozuvlarning o‘zbek tilidan ko‘ra, xorijiy tillarda yozilgani ko‘proq. Vaholanki, bunday nomlar avvalo, davlat tilida yozilishi kerak.

Biz har gal til haqida so‘z ochilganda, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy qoldirgan boy meros, uning jasorati bilan faxrlanishimiz kamlik qiladi. Unga munosib ajdod bo‘lishimiz kerak.

Baxtigul Qarshiyeva,

jurnalist.