Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Asosiy maqsad – sotuvchi va xaridor munosabatlariga putur yetkazmaslik

Joriy yilning 16 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi (xalq orasida “Mikrorayon” nomi bilan mashhur), 1-uyda joylashgan ulgurji un do‘koni oldida ko‘plab xaridorlar to‘plangani aks etgan videolavha tarqaldi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlaridan iborat guruh vaziyatni o‘rganish maqsadida “Boron group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli un do‘konida bo‘lib, holat bilan batafsil tanishdi.

- Un mahsulotlarini o‘z narxida sotyapmiz, iste’molchilar manfaatini ta’minlashga alohida e’tibor beryapmiz, – deydi do‘kon sotuvchisi Xurshid Boronov. – Savdo-sotiq munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, o‘zaro hisob-kitob jarayonida xatoliklarning oldini olish maqsadida navbat bilan besh nafar xaridorni savdo zaliga kiritgan holda xizmat ko‘rsatayapmiz. Xaridorlarning gavjum bo‘lishi bilan savdodagi ayrim mahsulotlarning yo‘qolishi kuzatildi. Navbat asosida xizmat ko‘rsatilayotgani tufayli do‘kon tashqarisida odamlar to‘planib qolmoqda. Har ikki tomon – sotuvchi va xaridor munosabatlariga putur yetkazmaslik, savdo madaniyatiga rioya etish maqsadida shunday ish tutayapmiz.

Bu yerdagi yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashganimizda ham ular narx-navoning oshmaganini ta’kidlashdi. Ayrim insofsiz tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, viloyat davlat soliq boshqarmasida narxlarning o‘zgarishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari tashkil etildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.