Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aviakassa xodimi nega Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha olingan chiptani yirtib tashladi?

O‘g‘li Moskvada o‘qiydi. Bir haftadan so‘ng uchishi kerak. Samolyotga chipta olingan. Kundalik yumushlarni xayol qilib turgan payti qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Aviakassa xodimi zudlik bilan chiptani qaytarish kerakligini, muammo chiqqanligini aytdi. O‘g‘li bilan yetib borsa qo‘shimcha to‘lov qilishi kerakligini, yo‘qsa Moskvaga uchib ketolmasligini ta’kidlashdi.

Tabiiyki, o‘rtada kelishmovchilik kelib chiqdi. Achchiq ustida aviakassa xodimi chiptani yirtib tashladi. Bunday noqulay vaziyatda tezda chora ko‘rmasa, o‘g‘li o‘qishiga vaqtida yetib borolmasligini anglagan samarqandlik M.Seydamedov Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Samarqand shahar jamiyatiga  murojaat etdi.

Unda aytilishicha, fuqaro Samarqand shahridagi “Marmar” bozori hududida joylashgan aviakassadan 1 325 000 so‘mga  Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchuvchi samolyotga chipta xarid qiladi. Uch kundan so‘ng aviakassaga chaqirtirilib,  yana salkam 2 000 000 so‘m to‘lashi zarurligini aytishadi. U rozi bo‘lmagach, aviakassa xodimi chiptani ko‘z o‘ngida yirtib tashlaydi.

Murojaat o‘rganilganda, aviakassa xodimining o‘z ishiga sovuqqonligi, ish paytida o‘rnini begona, mutaxassis bo‘lmagan kishiga tashlab ketganligi, Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha chipta narxi haqiqatan 3 200 000 so‘m ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Fuqaroning huquqi tiklab berildi. Aviakassa tomonidan xodimining xatosi tufayli yuz bergan ko‘ngizsizlik bartaraf etilib, M.Seydamedovga mazkur yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlarsiz chipta taqdim etildi.

Gulchehra Berdiyorova.