Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avstriyalik mutaxassis: O‘zbekistonda sut va go‘sht yetishtirishda muammo yo‘q. Faqat ularni qayta ishlash, ortganini xorijga eksport qilish kerak, xolos

Mamlakatimizda yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu mahsulotlar O‘zbekiston uchun tayyor “brend”. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni qayta ishlash, ehtiyojimizdan ortganini eksportga yo‘naltirish bugun soha vakillari oldida turgan muhim vazifa.

Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga nafaqat Yevropa, balki dunyo bozorida o‘zining oziq-ovqat sanoati uchun zamonaviy mashina, asbob-uskuna va jihozlari, texnologiyalari bilan mashhur bo‘lgan Avstriyaning “VERSCN” firmasi vakillari tashrif buyurdi.

Bugungi globallashuv jarayonida butun yer yuzida oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala. Tabiiy mahsulotlarga talab o‘ta yuqori. Shuningdek, tabiiy toza sut va go‘sht yetishtirishning o‘zi bir muammo.

90 yillik tarixga ega “VERSCN” mashina va texnologiyalari oziq-ovqat sanoatida go‘sht va sutni sifatli qayta ishlashni kafolatlaydi.

Ta’lim muassasasi rahbari, biologiya fanlari doktori professor X.Yunusovning taklifiga binoan, mamlakatimizga tashrif buyurgan firma direktori Xubert Xakl yurtimizning bu boradagi salohiyatini yuqori baholadi.

– Sut va go‘sht yetishtirish bo‘yicha sizlarda muammo yo‘q, deb o‘ylayman, - dedi “VERSCN” direktori. – Ya’ni, bunday xomashyo tanqisligi O‘zbekistonda kuzatilmaydi. Faqat uni qayta ishlash, o‘zingizdan ortganini xorijga eksport qilishingiz kerak, xolos. Yevropada bu soha butunlay sanoatlashgan. Siz - mutaxassis, biz - ishlab chiqaruvchi sifatida hamkorlik qilsak, ikki tomon manfaat ko‘radi.

Malakali texnolog ishtirokida o‘quv-seminar ham tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, “VERSCN” firmasi texnologiyasi asosida Past Darg‘om va Urgut tumanlarida sutni qayta ishlash sexlari (pishloq, yogurt, qaymoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan) tashkil etilgan. Firma mutaxassislari Andijon viloyatida Germaniya investitsiyasi asosida joriy etilgan loyihalarda ham ishtirok etmoqda.

Gulchehra BERDIYoROVA.