Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avtomobillarni sotib olishda Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun yig‘im to‘lashning yangi tartibi kuchga kirdi

1 oktyabrdan Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im to‘lashning yangi tartibi kuchga kiradi, unga ko‘ra yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanadi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq iste’molchilar uchun mahalliy ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida qabul qilingan.

Yangi tartibga ko‘ra:

- 2019 yilning 1 oktyabrigacha tuzilgan yangi transport vositalarini oldi-sotdi (yetkazib berish) shartnomalari bo‘yicha xarid qilingan yangi transport vositalari uchun to‘lov tartibi avvalgidek saqlanib qoladi – yig‘im YHXBB organlarida amalga oshiriladi.

- 2019 yilning 1 oktyabridan e’tiboran, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha xarid qilingan avtomobillar uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga amalga oshiriladigan to‘lov avtomobil narxiga qo‘shiladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy transport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanadi.

To‘lovning yangi tartibi faqat yangi mahalliy transport vositalariga («UzAuto Motors» AJ, «SamAvto» QK MChJ, «JV MAN Auto-Uzbekistan» QK MChJ, «UzAuto Trailer» MChJ) tegishli.

Ikkilamchi bozorda sotib olingan va import bilan olib kirilgan transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni to‘lash tartibi o‘zgarmadi.