Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lovlarni keskin kamaytirish taklif etilmoqda

Adliya vazirligi fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olish uchun avtotransportni rasmiylashtirishda undiriladigan yig‘imlarni kamaytirish bo‘yicha Qonun loyihasini ishlab chiqib, xalq muhokamasiga qo‘ydi.

Ma’lumki, avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazishda ikkita to‘lov qilinadi. Birinchisi, Respublika yo‘l jamg‘armasiga undiriladigan yig‘im va ikkinchisi – Davlat raqami belgisini olish uchun to‘lov.

Yangi avtotransport uchun yo‘l jamg‘armasiga yig‘im xarid narxining 3 foizini tashkil etadi. Biroq aynan bir avtotransport boshqa shaxsga sotilganda, yo‘l jamg‘armasiga uning ishlab chiqarilgan yili va ot kuchiga qarab yig‘im adolatsiz ravishda takroran undiriladi.

Rossiya, Latviya va Belorusiya davlatlarida yo‘l jamg‘armasiga to‘lovlar mavjud emas.

Avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazishda (yangi yoki foydalanishda bo‘lganligidan qat’iy nazar) Davlat raqami belgisini olish uchun 334 500 so‘m (35 dollar) miqdorida yig‘im to‘lanadi.

Qozog‘istonda – 18,3 dollar, Rossiyada – 44,4 dollar, Latviyada – 48,5 dollar Germaniyada – 50 dollar.

Misol uchun, 2017-2019 yillarda ishlab chiqarilgan “Nexia 3” uchun yo‘l jamg‘armasiga 2.575.650 so‘m (271 dollar) yig‘im to‘lash kerak bo‘ladi.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda avtotransport amalda sotilgan bo‘lsa ham, oldi-sotdi shartnomasi emas, balki tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomalar rasmiylashtirish holatlari keskin oshib ketdi. Bu albatta salbiy holat hisoblanadi.

Nega?

birinchidan, ishonchnoma bu muddatli bitim, uning amal qilish muddati uzog‘i bilan uch yil, undan so‘ng ishonchnoma o‘z kuchini yo‘qotadi;

ikkinchidan, ishonchnoma bir tomonlama bitim hisoblanadi. Ya’ni, ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan istalgan paytda bekor qilinishi mumkin;

uchinchidan, avtotransportga nisbatan mulk huquqi ishonchnoma beruvchining o‘zida saqlanib qoladi.

Buning oqibati qanday?

Ishonchnoma muddati tugab qolsa yoki ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilib yuborilsa, ishonchnomani olgan shaxs avtotransportni boshqarishi yoki sotishi mumkin emas bo‘lib qoladi, bunda avtotransport egasidan yangi ishonchnoma olish kerak bo‘ladi (egasini topish qiyinroq bo‘lishi mumkin).

Bundan tashqari, avtotransport egasi uni boshqa shaxsga sotib yuborishi yoki begonaga yana bitta ishonchnoma berishi mumkin.

Bularning oqibatida avtotransportni aslida sotib olgan shaxs firibgarlik jabrlanuvchisiga aylanib qolishi ehtimoli bor.