Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avval o‘zbek tilini, keyin boshqa tillarni o‘rganishimiz kerak

O‘zbek adabiy tilining hozirgi holati, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish, tilimizda yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar hamda o‘zbek tilining xalqaro miqyosda o‘rganilishi tilshunoslikda dolzarb masalalardan biri sanaladi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri Sherzod Normo‘minov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 6 mingdan ortiq til bo‘lib, faqatgina 100 ga yaqini adabiy va milliy til maqomiga ega. Sizningcha, o‘zbek adabiy tilining bugungi holati qanday?

- O‘zbek adabiy tilining bugungi holati haqida gap ketganda, adabiy va milliy til maqomiga ega ana shu tillar orasida o‘zbek tilining ham borligini alohida ta’kidlash joiz. Bu albatta, o‘zbek tilining boy, purma’no va jozibadorligi ko‘rsatadi. Ammo tilimizdagi ayrim kamchiliklar borki, bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Koreya, Yaponiya, Ispaniya, Rossiya va shu kabi qator davlatlar fuqarolarining qariyb 100 foizi davlat tilini bilar ekan. Lekin bizda bunday deb ayta olmaymiz. Birgina misol, do‘konlar, salonlar, firmalar, restoran va oshxonalar peshlavhalaridagi aksariyat so‘zlar chet tillarida nomlangan. Afsuski, O‘zbekistonda yashab, joy nomlarini, ishlab chiqarayotgan mahsulotimizni xorij tillarida yozishimiz juda achinarli holat. To‘g‘ri, keyingi paytda bu muammoni bartaraf etish maqsadida amaliy ishlar olib borilyapti, lekin kutilgan natijaga erishilgani yo‘q.

Yana bir gap. Keyingi paytda chet tillariga talab kuchli, deb farzandlarimizga xorij tillarini pul to‘lab o‘rgatyapmiz. Albatta, o‘zga tillarini o‘rganish davr talabi deyishingiz mumkin. Lekin nega ona tilimizni mukammal o‘rganmasdan chet tilini o‘rganishimiz kerak? O‘ylashimcha, avvalo, har bir inson ona tilini oilada, ta’lim dargohlarida, jamoada mukammal o‘rganishi, keyin esa boshqa tillarni bilishi kerak. Buning uchun o‘zbek tilini ona tili va davlat tili sifatida o‘qitishda faqat dars jarayoni bilan cheklanmasdan turli klublar, to‘garaklar va o‘zbek tili kurslari tashkil etish hamda barcha sohalarda izohli lug‘atlar yaratish zarur.

- Mutaxassis sifatida bugungi kunda o‘zbek tilining qaysi jihati tadqiq qilinishi lozim, deb o‘ylaysiz?

- Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida samarali islohotlarga qo‘l urilyapti. Biroq tan olish kerakki, og‘riqli masalalar ham yo‘q emas. Jumladan, ulardan biri grammatika. O‘zbek tilida grammatikaning ichiga kirgan sari murakkablashtirib borilyapti. Aksariyat hollarda darsliklardagi puch ma’lumotlar o‘quvchilarni chalg‘itayotganini ko‘rish mumkin.

Mazkur muammoni bartaraf etish uchun avvalo, darsliklarda o‘zbek tili grammatikasini soddalashtirib, ko‘proq o‘quvchilarning imlo savodxonligi va notiqligiga e’tibor qaratish lozim. Masalan, faqat yuqori sinf ona tili darsligida nutq madaniyati, nutqning to‘g‘riligi, aniqligi va jozibadorligi mavzulari berilgan. Quyi sinflarda esa yo‘q. Axir o‘quvchilarga yoshligidan to‘g‘ri gapirishni, so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llashni o‘rgatishimiz kerak emasmi? Shuningdek, keyingi yillarda pragmalingvistika, kompyuter lingvistikasi, lingvokulturologiya, psixolingvistika va terminologiya sohalari rivojlanib boryapti. Lekin bu tushunchalarning hech biri darsliklarda uchramaydi. Mazkur sohalarning mohiyati va yo‘nalishlarini o‘quvchilarga anglatish fursati yetdi nazarimda.

- Isloh qilinayotgan alifboning tilimizga qanday ta’siri bor?

- Kuzatishlardan ma’lumki, dunyoning biron-bir mamlakatida mukammal alifbo yaratilgan emas. Zero, tovushning turli variantlari mavjud. Bu esa tovush va harf o‘rtasidagi muayyan tafovutlarni ham keltirib chiqaradi. Alifboning isloh qilinishiga kelsak, undagi 29 ta harfdan uchtasi (sh, ch, ng) juz’iy o‘zgartirilmoqda. Ikkitasi esa (Oʻ va Gʻ) yozma ko‘rinishga moslashtirilyapti. Albatta, bu islohda ijtimoy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jihatlar hisobga olinishi kerak. Lekin isloh qilingan alifbo tilimizning yozuvda aks ettirilishini yanada qulaylashtiradi.

- O‘zbek tilining xalqaro miqyosda tutgan o‘rni haqida nimalar deya olasiz?

- Ma’lumki, o‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biri sanaladi. Dunyo bo‘yicha 50 millionga yaqin kishi shu tilda so‘zlashadi.

Masalan, keyingi yillarda Yaponiyadagi Osaka, Tokio chet tillar universiteti, Janubiy Koreyadagi Konkuk, Pusan, Berlinda Xumboldt universitetlarida hamda Xitoy, Turkiya, Amerika davlatlari oliygohlarida o‘zbek tili kurslari tashkil etilgani tilimizning nufuzi oshayotganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida birinchi marta o‘zbek tilida nutq so‘zlagani, yaqinda Yevropa va AQShda "O‘zbek tili do‘stlari" klubining tashkil etilgani hamda ko‘pgina davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi turli xalqaro markazlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi dunyoda o‘zbek tilining obro‘si mustahkamlanayotganligidan darak beradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.