Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avval qarzingizni to‘lang!

21 aprel kuni zarnews.uz saytida “Ikki kundan beri uyimizning liftlari ishlamayapti?” nomli murojaat berildi. Unda Samarqand shahri Qorasuv massividagi 7-ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi I.Dovurbekova, K.Kattayev va boshqalar yangi uylarning liftlari ishlamayotganidan shikoyat qilib, odamlar, ayniqsa, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalar xonadonlariga chiqib-tushishga qiynalishayotgani haqida yozib, “Muammoga yechim topadigan tashkilot bormi?” deya iddao qilishgan.

Bor. Ana shunday tashkilot bizmiz, ya’ni Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi. Ammo ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi elektr energiyasi iste’moli uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamasa, uylarida chiroq bo‘lmaydi, shirkatga majburiy badallarni to‘lamasa va shirkat liftlar elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirmasa, liftlari ham ishlamaydi. Buni yosh bola ham biladi.

Qorasuv maskanidagi uylar yangi, ulardagi liftlar ham zamonaviy. Ularning ishlamasligiga boshqa biror sabab yo‘q. Murojaatda ism-shariflari ko‘rsatilgan “I.Dovurbekova, K.Kattayev va boshqalar” aynan shirkatga to‘lanadigan majburiy badal to‘lovlaridan yaxshigina qarzdor.

 Ijtimoiy tarmoqdagi murojaatda ko‘rsatilgan 7-uyning umumiy qarzi 15 920 780 so‘m.

Bu uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Yangi uylar servis” uy-joy mulkdorlar shirkati aynan mulkdorlarning majburiy badal to‘lovlarini to‘lamasligi natijasida shahar elektr tarmoqlari idorasidan 23 million so‘mdan ortiq qarzdor bo‘lib qolgan.

Hurmatli mulkdorlar, biz shahar elektr tarmoqlari idorasiga iltimos qilib, liftlaringizni ishlatib qo‘ydik. Ammo unutmang, bu vaqtincha. Majburiy badallarni to‘lamasangiz va shirkatingiz liftlar elektr iste’moli uchun to‘lovlarni amalga oshirmasa, albatta, liftlaringizning avtomatik elektr xisoblagichlari o‘chib qoladi.

Ayni daqiqada liftlar ishlab turgani aks etgan lavha ilova qilinmoqda.

Husniddin Shodiyev,

viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi “Ta’mirlash-tiklash” DUK faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi.