Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv joriy qilindi

2021 yil 18 fevraldan boshlab O‘zbekiston milliy protsessual qonunchiligida aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv instituti amaliyotga joriy etildi. Ushbu institut mamlakatimiz jinoyat-protsessual qonunchiligi tarixida mutlaqo yangi hisoblanadi.

Jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha va sud jarayonida qonuniylikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan va inson huquqlarini samarali ximoya qilib kelayotgan jinoyat-huquqiy institutlarni amaliyotga joriy etish masalalari shular jumlasidandir.

Jinoiy ishlarni qisqartirilgan tartibda ko‘rish borasidagi jahon amaliyotida mavjud ijobiy ish yuritishning milliy protsessual qonunchilikka joriy etilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish borasidagi zamonaviy mexanizmlardan biridir.

Jinoyat-protsessual qonunchilikka joriy etilgan aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvning bosh maqsadi — davlat ayblovchisining ayblanuvchini sodir etgan jinoyati yuzasidan iqrorligi asosida sudda yengilroq jazo tayinlanishiga erishish, shu bilan birga, ko‘plab sansalorliklarga sabab bo‘ladigan uzoq davom etuvchi sud jarayonlarini qisqartirishdir.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv, jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan shaxs va prokuror bilan tuziladi. Bunda gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan bo‘lishi lozim.

Bunday kelishuvlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladi.

Aslida, «kelishuv» so‘zining ma’nosi ham ikki kelishayotgan tomonning o‘zaro qulay va manfaatli maqsadlar markazini topishini anglatadi. Jinoyat-protsessual qonunchilikda mazkur so‘z ayblanuvchi bilan davlat timsolidagi qonun, adolat bilan kelishuvni ifodalaydi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutining samarali jihatlari:

o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan tomonlar munosabatlarining tez orada yumshashi;

ayblanuvchi yoki sudlanuvchining aybiga iqrorlik bildirishga tayyorligi, jazoni o‘tay boshlashi;

sudlov va ayblov organlarining vaqt va mablag‘lari tejalishi;

ayblov organlari o‘z vaqtini og‘ir jinoyatlarni ochishga qaratishi va sudlarda jinoyat ishlarini ko‘rilishining kamayishiga olib kelishi bilan belgilanadi.

Shu asnoda ayblanuvchining o‘z aybini tan olishi ko‘p hollarda uzoq davom etadigan tergov va sud bosqichlarini qisqartirishda, ovoragarchiliklarning oldini olishda ayblanuvchining o‘ziga nisbatan ham ko‘p hollarda samarali protsessual harakat hisoblanadi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti, ayrim olimlarning fikricha, muayyan salbiy jihatlarga ham ega. Bu omillar jinoyat protsessini yurituvchi mansabdor shaxslar, jumladan, tergov organlarining aybni «har qanday holatda tan oldirishga intilishi» natijasida ayblanuvchi o‘zini o‘zi yolg‘on ayblash holati, aybsiz insonning ayblanuvchiga aylanib, jinoyat sodir etgan shaxsning jazosiz qolib ketishi, shuningdek, sodir etilmagan jinoyat uchun ayblov e’lon qilish holatlarida namoyon bo‘ladi.

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda aybga iqrorlik kelishuvi sud tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng tasdiqlanadi.

Bunda sud kelishuv gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda tuzilgan-tuzilmagani, kelishuvning mohiyati va shartlarini tushungan-tushunmagani, uning oqibatlarini anglab yetgani, sudlanuvchining o‘zi shaxsan kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini aniqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, xalqaro maydonda samarali foydalanilayotgan protsessual institutlarning mamlakatimiz jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligiga kiritilishi, o‘z navbatida, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarilishida muhim omil bo‘ladi.

Jaxongir Arslonov,

Samarqand viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi.

Shohrux Mirzaahmedov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.