Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi

Kuni kecha “Xalq banki” ATda mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa tarzida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, “Xalq banki” mutasaddilari, “Xalq banki”ning barcha hududiy va tuman (shahar) filiallaridagi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosarlari ishtirok etdi. 

Ma’lumki, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va eng muhimi, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish ijtimoiy sohaning muhim yo‘nalishlaridandir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Binobarin, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar opa-singillarimizning ijtimoiy faolligini oshirishga, turmush farovonligini yuksaltirishga imkon yaratmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 17 milliondan ziyodini xotin-qizlar tashkil qilyapti. Ularning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Buning uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda ayni jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi. 

Qayd etilganidek, “Xalq banki” AT tizimida, eng avvalo, “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash departamenti” tashkil etildi. Bankning 14 ta hududiy va 196 ta tuman (shahar) filliallariga xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy qilingan boshqaruvchi o‘rinbosari lavozimlariga eng munosib nomzodlar tayinlandi va ish rejalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar hamda “Hunarmand” uyushmalari, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, shuningdek, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligiga xos bo‘lgan 60 xildan ortiq namunaviy “Biznes reja” loyihalari va tarqatma materiallar tayyorlanib, joylarga yetkazildi. Ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish va tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha alohida veb-sahifa hamda “telegramm_bot” ishga tushirilmoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning xohish-istaklari,  har bir hududning ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, biznesga yo‘naltirish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar bilan tushuntirishlar berildi. Bu bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-kurslariga esa 2 ming nafardan ziyod opa-singillarimiz jalb qilindi.

Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning biznes loyihalari ishlab chiqilmoqda. Mazkur biznes loyihalar doirasida tadbirkorlikning barcha yo‘nalishlarida bazaviy hisoblashning 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kreditlar ajratish rejalashtirilyapti.

Videoselektor yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish va bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir rejalardan samarali foydalanishni  e’tirof etdi.