Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ayrim byujdet tashkilotlarida erkaklarga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘langani aniqlandi

«Huquq» gazetasining 17 oktyabr kuni nashrdan chiqqan 42-sonida Bosh prokuratura ayrim byudjet muassasalarida nafaqalarning tayinlanishini o‘rgangani haqida maqola chop etildi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2017-2018 yillar va 2019 yilning birinchi choragida byudjet muassasalari xodimlariga 529,5 milliard so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘langan.

Shundan 345 million so‘mlik nafaqa asossiz to‘langani aniqlangan. Bundan tashqari, nafaqani hisoblashda xodimning o‘rtacha ish haqini asossiz ravishda oshirib ko‘rsatish yoki noqonuniy yo‘llar bilan to‘lov hujjatlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan ko‘proq pul yozish bilan respublika bo‘yicha 696 million so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, byudjet muassasalarida umuman ishlamaydigan, pensiyaga chiqib ketgan, homilador bo‘lmagan va homiladorlik ta’tiliga chiqmagan shaxslar nomiga soxta ma’lumotlar asosida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yozish, aynan bir xodimga bir necha marta pul hisoblash bilan 820 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Hatto erkak kishilarga ham soxta ma’lumotlar asosida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi yozilgan. Xususan, Jizzax viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri iqtisodchisiga 2,1 million so‘m va Jizzax shahridagi 20-maktab qorovuliga 900 ming so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘langan.

Bundan tashqari, byudjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini ta’minlashga mas’ul shaxslar talon-torojga sherik bo‘lgan. Xususan, Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi yetakchi iqtisodchisi O.A. kollejlarning bosh hisobchilari bilan til biriktirib, soxta hujjatlar asosida 358 million so‘m homiladorlik va tug‘ish nafaqasini o‘zlashtirgan.

O‘rganishlarda jami 1 275 ta byudjet muassasasida ushbu maqsad uchun ajratilgan 3,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy sarflangan.