Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bank xodimlari ommaviy ravishda bo‘shatilishi borasidagi gaplar asossiz

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan ayrim internet nashrlarida e’lon qilingan “Bankdagi 5 ming sayyor kassir ishsiz qoladimi?” nomli maqola o‘rganib chiqildi hamda keltirilgan fakt va iddaolar mutlaqo asossiz ekanligi aniqlandi.

Jumladan, maqolada Respublika maxsus komissiyasi hamda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus shtabining 2020 yil 14 apreldagi qarori bilan shu yilning may oyidan pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi tufayli banklarda sayyor kassir bo‘lib ishlayotgan 5 mingga yaqin xodim respublika bo‘yicha ishsiz qolishi va bu haqda hech kim gapirmayotgani qayd etilgan.

Markaziy bank va Xalq banki mutasaddilarining Senat so‘roviga bildirgan axborotlaridan ma’lum bo‘ldiki, avvalo, pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi – kassirlardan terminallar orqali har bir pensionerga naqd pulni yetkazib berishni, bankomatlarni pul bilan ta’minlab turish kabi qator vazifalarni talab etadi va ularga ish yuki hozirda yetarli bo‘ladi. Shu bois shtatlarni qisqartirish borasidagi gaplar asossiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi Farmonining 14-bandiga binoan banklarga respublikaning barcha chekka hududlarida mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatish uchun ixcham “bank xizmatlari ofislari”ni tashkil qilish vazifasi yuklangan.

Shuning uchun banklar tomonidan sayyor kassirlarni quyidagi yo‘nalishlarda ishga jalb etish rejalashtirilgan:

- “bank xizmatlari ofislari” orqali aholiga chakana bank xizmatlarini ko‘rsatish, mikrokredit, mikroqarz, avtokredit, iste’mol kreditlari olishlarida ko‘maklashish;

- barcha hududlarda bankomatlar o‘rnatilib, to‘liq ishga tushgunga qadar pensionerlarga bank kartalaridagi pullarini terminallar orqali naqd olishlarini ta’minlash;

- hududlardagi bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlab turish kabi xizmatlar ko‘rsatish.

Albatta, zamon talabi bilan raqamli iqtisodiyotning shiddat bilan kirib kelishi, raqamli texnologiyalarning tezkor rivojlanib borishi har bir bankdan kuchli raqobat sharoitida “yashab qolish” uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishni talab etadi. Shundan kelib chiqib, banklar xodimlarni ommaviy ravishda “qisqartirish” emas, balki yuqori texnologiyalar orqali xizmat ko‘rsatish qobiliyatini oshirish va chakana bank xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha qayta tayyorlash ustida uzviy ishlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayon esa Senatning doimiy nazoratida bo‘ladi.