Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bank xodimlari o‘qituvchilarning 1,2 milliard so‘m maoshini talon-toroj qilgani aniqlandi

“Qishloq qurilish bank”ining Sariosiyo filiali xodimlari o‘qituvchilar maoshini talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuraturasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan ATB “Qishloq qurilish bank”ining Sariosiyo filiali xodimlari faoliyatiga oid tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Natijada bankning chakana xizmatlar bo‘limini yurituvchi rahbari va boshqalarning kirdikorlari fosh bo‘lgan.

Ushbu shaxslar maktab o‘qituvchilari va xodimlariga 2019 yil dekabr va joriy yilning yanvar oyi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan jami 1,2 milliard so‘m miqdordagi ish haqlari hamda avans pullarini o‘zlashtirib yuborishgan.

Departament tashabbusi bilan ushbu summadagi mablag‘lar to‘liq undirib olingan.

Hozirda holat yuzasidan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.