Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimovga murojaat qilgan bemorga 27 million so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatildi

2013 yildan buyon tizza bo‘g‘ini artrozi kasalligi bilan og‘rib kelgan payariqlik Said Otaqulov shifoxonalarda davolandi, ammo natija bo‘lmadi.

Keyingi ikki yilda uning moddiy ahvoli og‘irlashgani bois davolanishga imkon topa olmadi. Oqibatda kasallik kuchayib, mustaqil harakatlana olmay qoldi.

Joriy yilning 19 fevral kuni Payariq tumanida o‘tkazilgan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning sayyor qabulida Said Otaqulov kasalligini imtiyozli davolashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Shu kuni ushbu murojaat hal etilishi uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yo‘naltirildi.

Viloyat ortopediya va shikastlanishlar oqibatlari shifoxonasida bemor S.Otaqulov darhol yotqizilib, jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi. 2 mart kuni bemorning o‘ng tizza bo‘g‘inini total endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi.

Mazkur amaliyot jarayonida tizzaga Italiyadan keltirilgan endoprotez o‘rnatildi. Ushbu amaliyot uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat ortopediya va shikastlanishlar oqibatlari shifoxonasi tomonidan 27 mln. so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatildi. Ayni paytda shifokorlar nazoratida bo‘lgan S.Otaqulovning ahvoli yaxshi, unga kerakli muolajalar qilinyapti.

- Elparvar Yurtboshimizga, viloyat hokimiga, shifokorlarimizga ming rahmat, - deydi S. Otaqulov. – Ularning yordami bilan dardimga davo topdim. Oyoqlarimdagi kuchli og‘riqlar yo‘qolib, o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman. Shifokorlarning aytishicha, tez kunlarda mustaqil ravishda yurarkanman. Bundan behad baxtiyorman.

Eldor MUHAMMADIYeV,

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash

boshqarmasi matbuot kotibi.