Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Benjamin Franklin: Pullar harakatda bo‘lishi lozim, ularga erkinlik bering!

Yer kurrasining eng chekka joylarigacha yetib borgan yuz dollarlik pulda kimning surati aks etganini bilasizmi? Qo‘shma shtatlar xalqi bu insonni ikki yuz yildan beri qadrlab, “Amerikaliklar otasi” deya e’tirof etadi.

Benjamin Franklin.

O‘n yetti yoshida cho‘ntagida bor-yo‘g‘i bir dollar mablag‘ bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Boston shahridan o‘sha paytdagi poytaxt – Filadelfiya tomonga bosh olib ketgan o‘spirin.

Bir dollarga Benjamin uchta kulcha sotib oladi. Ikkitasini yo‘lda uchragan yosh bolali ayolga berib, bittasi bilan o‘zi tushlik qiladi. Baxt va toleini izlab sarson bo‘lgan bu o‘smir kunlar kelib jahon iqtisodiyotining afsonasiga aylanishini kim ham o‘ylabdi, deysiz.

U Filadelfiyaga kelgach, bosmaxonada harf teruvchi bo‘lib ish boshlaydi. Keyinchalik o‘zi mustaqil bosmaxona ochib, gazeta nashr etishga kirishdi. Tez orada sarmoyasi ko‘payib, taniqli tadbirkorga aylandi.

“Boy bo‘lishni istaganlarga maslahatlar” va “Har kimning cho‘ntagida puli mo‘l bo‘lishi uchun nima qilish kerak?” sarlavhali maqolalari almanaxda bosilgach, ko‘plab tadbirkorlar Franklinning o‘gitlariga tayanib ish tutadigan bo‘lishdi.

Benjamin Franklinning siymosi yuz dollarlik pulda aks etgani bejiz emas. U AQSh tarixida ulkan iz qoldirgan. 1728 yilda Franklin tashkil etgan ma’rifatparvarlik klubi qirq yildan ortiq faoliyat ko‘rsatdi. Filadelfiyadagi ilk oliy o‘quv yurti – universitet tashkil etgan ham, qog‘oz pul bosish texnologiyasini kashf qilgan ham Franklin edi.

Ishlari yurishib ketgach, asosiy mablag‘ini shaharni obod qilish va kambag‘allar uchun bepul kasalxona ochishga sarfladi. Zamondoshlarining yozishicha, “Oz-ozdan tejalsa, ko‘p sarmoya (mablag‘) hosil bo‘ladi”, degan ibora Benjamin Franklinning shiori bo‘lgan.

Birdan boyib ketishni orzu qilamizu, lekin buni avvalo, o‘zimiz tasavvur qilolmaymiz. Bu bilan o‘zimiz tomon kelayotgan pul oldiga katta “to‘siq” qo‘ygan bo‘lamiz. Pullar buni yaqqol “sezadi”. Pulni sanab-sanamay, tartibsiz holda saqlash uni yetarli darajada qadrlamaslikdir. Pul buni inobatga oladi. Salomga yarasha alik qaytarishi tayin. Shunday ekan, hamyoningizda qancha pul borligini aniq bilishingiz kerak.

Pullar harakatda bo‘lishi lozim, ularga erkinlik bering. Harakati qanchalik faol ekan, ular shunchalik ko‘payaveradi. Birovga ko‘maklashish niyatida pul berayotganingizda aslo achinmang. Hadya yoki ehson qilsangiz bu ezgu ishingizni darrov unuting.

Bu kelajakda buyuk iqtisodchi va moliyaviy magnat bo‘lib yetishgan o‘sha 17 yoshli o‘smirning hikmatlaridir.

Gulchehra JAMILOVA tayyorladi.