Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Besh muhim tashabbus” talabalar uchun imkoniyatlar eshigini ochmoqda

“Besh muhim tashabbus” ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 6 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniyat va san’at, sport musobaqalariga jalb qilish, axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda xotin-qizlarni kasb-hunar o‘rgatish maqsadida universitet qoshida “Besh muhim tashabbus” markazi tashkil etilgan.

Markazda san’at yo‘nalishida “Quvnoqlar va zukkolar”, “Talabalar teatr studiyasi” klubi, “Sozanda yoshlar” va “Ranglar sehri” to‘garaklari, voleybol, gandbol, futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, kurash, basketbol, yengil atletika sport turlari, axborot texnologiyalari yo‘nalishida “Kompyuter bilimdonlari”, kitobxonlik yo‘nalishida “Zakovat” intellektual klubi, “Mutolaa zavqi”, “Bahs-munozara” va “Notiqlik san’ati” to‘garaklari hamda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yo‘nalishida “Dilbar qizlar” klubi, “Mohir qo‘llar”, “Pazandachilik” va “Tikuvchilik” to‘garaklari kabi yo‘nalishda uch ming nafardan ortiq talaba-yoshlar qamrab olingan.

To‘garaklarga rahbar sifatida malakali mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, haftada uch marta talablarning bo‘sh vaqtiga qarab mashg‘ulotlar tashkil etilyapti. Talabalarimiz universitet, viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan tanlov va musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda o‘tkazilgan sport musobaqalarida talabalarimiz faol ishtirok etib, 150 nafardan ziyodi turli toifadagi sport razryadlarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Talabalar teatr studiyalari” tanlovida universitetimiz talabalar jamoasi Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasini sahnalashtirib, ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Sportning armrestling turi bo‘yicha shu paytgacha 8 karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Zarina Safarqulova shu yilning 3-5 fevral kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida yana bir marta barcha tengdoshlaridan kuchli ekanini ko‘rsatdi va 9-marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. U uch karra Osiyo chempionligini ham qo‘lga kiritgan. 10–13 fevral kunlari esa viloyatdagi 12 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Talabalar ligasi” o‘yinlari doirasidagi  voleybol musobaqasida universitetimiz jamoasi ikkinchi, stol tennisi bo‘yicha esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Ayni paytda yigit-qizlarimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan san’at, kitobxonlik, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Alibek GAPPAROV,

universitetning birinchi prorektori.